Davra suhbatida mahalliy va xorijiy ekspertlar, davlat idoralari va “aql markazlari” mutaxassislari, jamoatchilik, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida insonparvarlikni mustahkamlash, teng huquqli va oʻzaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish, Fargʻona vodiysida oʻzaro manfaatli hamkorlik va muammolarni siyosiy hal etish, shuningdek, axborot xavfsizligi asosi sifatida mintaqada yagona media strategiyani ishlab chiqish masalalarini muhokama qildi.
Taʼkidlanganidek, globallashuv davrida, madaniyatlar va dinlarning oʻzaro uygʻunlashuvi yuz berayotganda, jamiyatda bagʻrikenglik munosabatlari, ayniqsa, dolzarbdir. Bu esa inson huquqlari va asosiy erkinliklarini tan olish asnosida shakllanadi. Insonlar tabiatan bir-biridan farqlanadi. Va aynan bagʻrikenglik, toqatlilik mamlakat, mintaqa va dunyodagi qorishgan jamiyatlarning yashab qolishini taʼminlashi mumkin. Shuning uchun ham fuqarolik, millatlararo, konfessiyalararo tinchlikni mustahkamlash Oʻzbekistonda Harakatlar strategiyasining xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilangan.
Mazkur yoʻnalishdagi saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2020-yil mart oyida “Markaziy Osiyoda bagʻrikenglik va tinchlik yoʻlida transchegaraviy koʻp tomonlama muloqot” loyihasiga start berilgan edi. Loyiha Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilyapti hamda Konrad Adenauer nomidagi jamgʻarma boshchiligidagi konsorsium bilan uchta mamlakatdagi hamkorlari — “Yuksalish” umummilliy harakati (Oʻzbekiston), “BIOM” ekologik harakati (Qirgʻiziston) hamda “Gender va taraqqiyot” jamoat tashkiloti (Tojikiston) tomonidan amalga oshirilyapti.
Loyiha Qirgʻiziston, Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi koʻp tomonlama transchegaraviy muloqot va hamkorlikni rivojlantirishga, totuvlik va hamjihatlikni kengaytirish, radikallashuvning oldini olish, zoʻravon ekstremizmning ildizlari va oʻzaro ijobiy anglashuvning muhimligi toʻgʻrisida xabardorlikni oshirish, shuningdek, uch davlatning chegaraoldi hududlarida mahalliy fuqarolik jamiyati salohiyatini oshirish maqsadlariga qaratilgan. Joriy yilning fevral oyida Fargʻona davlat universiteti qoshida tashkil etilgan Doʻstlik, millatlararo kelishuv va bagʻrikenglik markazi esa muloqot maydonlaridan biriga aylandi.
Markazda “Yuksalish” umummilliy harakati koʻmagida mutaxassislarni jalb etgan holda yoshlar uchun 15 dan ortiq gibrid formatdagi media trening va seminarlar tashkil etildi. Natijada har bir maqsadli mamlakatda “Yoshlar xabarchilari” yoshlar guruhlari tuzildi. Markaz maqsadli mamlakatlar yoshlari uchun taʼlim va munozara maydonchasi vazifasini bajarishda davom etyapti.
Qayd etilishicha, endilikda Ommaviy axborot vositalari kontentining tahlillari asosida uchta mamlakatda birgalikda qoʻllaniladigan media strategiya ishlab chiqilyapti.
Bundan tashqari, loyiha doirasida Fargʻona vodiysining chegaradosh hududlarida kichik festivallar, madaniyat markazlari ishini qoʻllab-quvvatlash, axborot stendlarini yaratish, madaniy koʻrgazmalar kabi bir qator tadbirlarni oʻtkazish rejalashtirilgan. Bu maqsadlar uchun grantlar ajratiladi. Mahalliy hokimiyat organlari va huquqni muhofaza qilish organlari vakillari uchun kamida 40 ta munozara dasturlari va treninglar oʻtkazish koʻzda tutilgan.
Loyiha doirasida rejalashtirilgan barcha tadbirlar maqsadli mamlakat fuqarolarini konstruktiv muloqotga oʻrgatish, oʻz nuqtayi nazarini malakali va ishonchli tarzda ifoda etish, suhbatdoshning fikri va nuqtayi nazariga hurmat bilan tinglash, chegaradosh davlatlar yoshlari oʻrtasida doʻstona munosabatlarni rivojlantirish va oʻzaro muloqot qilish uchun moʻljallangan.
Davra suhbati natijalariga koʻra, uch mamlakat oʻrtasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, shu jumladan, jarayonlarga chegaradosh hududlar aholisini jalb etish, ular oʻrtasida konstruktiv muloqot oʻrnatish boʻyicha taklif va tavsiyalar shakllantirildi.
“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.