Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Fargʻona viloyati boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, fuqarolar M.X., M.X. va K.I. oʻzaro til biriktirib, “Telegram” tarmogʻida turli nomlardagi guruhlarni tashkil etgan.

Ular mazkur guruhlar orqali 7 ta MCHJga tegishli xarid cheklari uchun jismoniy shaxslarga 1 foizli, ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan shaxslarga esa 12 foizli keshbek summalarini onlayn tarzda sotish bilan shugʻullangan.

Tekshiruv davomida ushbu MCHJlar tomonidan amalda hech qanday moliyaviy operatsiyalar amalga oshirilmagan boʻlsa-da, 3,3 trln soʻmlik tovar va xizmatlar xarid qilingani haqida soxta elektron hisob-fakturalar rasmiylashtirilgani maʼlum boʻldi. Shuningdek, savdodan tushgan mablagʻlar onlayn nazorat-kassa mashinalari orqali kirim qilingani koʻrsatililib, fuqarolarga xarid cheklari tarqatilgan.

Natijada 211 ming 584 nafar fuqaroga “Soliq Mobile” ilovasi orqali 28,5 mlrd soʻm keshbek hisoblangan. Uning 3,2 mlrd soʻmi toʻlab berilgan boʻlib, mazkur mablagʻlar byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirish yoki rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilingani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) hamda 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni qalbakilashtirish va ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.