2022 yil 21 iyul kuni Farg'ona viloyati O'zbekiston tumanida baxtsiz hodisa sodir bo'lib, uning oqibatida 23-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkilotining 4 yoshli tarbiyalanuvchisi vafot etgan. Maktabgacha ta'lim vazirligi axborot xizmatiga ko'ra, mazkur ma'lumot Maktabgacha ta'lim vazirligiga kelib tushishi bilanoq, barcha holatlarga oydinlik kiritish maqsadida kompleks tekshirish ishlari boshlangan. Tekshiruv davomida ushbu tashkilot xodimlari kasbiy faoliyati jarayonida qo'pol qoidabuzarliklarga yo'l qo'ygani aniqlangan. Ular bolalar bog'cha hududidan ruxsatsiz chiqib ketishiga beparvo qaragan.

Baxtsiz hodisa sodir bo'lgan kun soat taxminan 08:30 larda tarbiyalanuvchini katta opasi 23-sonli DMTT tarbiyalovchilari ixtiyoriga olib kelgan. Oradan ma'lum vaqt o'tgach, mazkur maktabgacha ta'lim tashkiloti tarbiyachilari va rahbari beparvo, loqayd munosabati oqibatida tarbiyalanuvchi MTT hududidan ruxsatsiz chiqib, opasi orqasidan yugurgan. Harakat oqibatida baxtsiz tasodif bilan sirpanib, uyi yaqinidan oqib o'tuvchi Sobirjon daryosiga yiqilib tushgan va natijada cho'kib ketgan.

Maktabgacha ta'lim vazirligi ishchi guruhi tomonidan o'tkazilgan tekshirish jarayonida bola bog'cha hududidan bir necha bor ruxsatsiz chiqib ketgani, biroq bog'cha xodimlari buni yuqori idoralardan yashirib, bundan hech qanday xulosa chiqarmagani ma'lum bo'ldi.

Yuqoridagi holatlar inobatga olinib, tashkilot pedagoglari va rahbari ehtiyotsizligi hamda loqayd munosabati bola o'limiga sabab bo'lgani, ushbu maktabgacha ta'lim muassasasi rahbari faoliyatini tashkil etishda bir qator boshqa huquqbuzarliklar aniqlangan va barcha materiallar huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan.

Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan ushbu maktabgacha ta'lim tashkiloti barcha mansabdor shaxslari va xodimlariga nisbatan JK 167-modda 2-qismi “g” bandi va 116-modda 3-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan.