Fargʻonada 5.8 mln dona pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyildi

    Fargʻona tumanida oldindan kuzatuvga olingan shaxs boshqaruvidagi yuk mashinasi koʻzdan kechirilganda yukxonada 2 turdagi 2 mln 324 ming dona salyut va petardalar ortilgani fosh boʻldi.

    Bu haqda Bojxona qoʻmitasi maʼlum qildi.

    Xabarda aytilishicha, mazkur yuk avtotransport vositasi kelib toʻxtagan xonadon ham koʻzdan kechirilganida, bu yerda ham 2 turdagi 3 mln 485 ming donadan ziyod salyut va petardalar borligi aniqlandi.

    Shunday qilib, mazkur holatda huquqbuzarlardan olib qoʻyilgan, muqaddam noqonuniy yoʻllar bilan olib kirilgan va sifati kafolatlanmagan pirotexnika vositalarining umumiy miqdori 5,8 mln donadan oshmoqda.

    Hozirda vaqtincha saqlovga topshirilgan mazkur pirotexnika vositalarining umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga koʻra salkam 1,3 mlrd soʻmni tashkil qilmoqda.

    Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.