Fargʻonada 60 kvt quvvatdagi quyosh fotoelektr stansiyasi foydalanishga topshirildi

    Energetika 3 Avgust 2022 2042

    Joriy yil iyul oyida “Fargʻona IEM” AJ Qozon sexi binosiga 60 kVt quvvatdagi quyosh foto elektr stansiyasi oʻrnatilib, foydalanishga topshirildi.

    Bu oʻz navbatida korxonada yillik issiqlik energiyasini 47,45 Gkalga, elektr energiyasini esa 108 ming kVt/soatga tejash imkonini beradi.

    Shuningdek, yil oxiriga qadar “Fargʻona IEM” AJ mavjud binolariga 13 dona jami 2 600 litrlik quyosh suv isitgichlari oʻrnatish belgilangan. Bundan tashqari ishlab chiqarishda yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolini qisqartirish, energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish boʻyicha “Fargʻona IEM” AJ koʻp yillardan buyon ishlatilmay kelayotgan eski koʻmir omborxonasi oʻrnida quvvati 1 800-2 000 kVt boʻlgan quyosh panellarini oʻrnatish rejalashtirilgan. Ushbu quyosh panellari “On-Grid” rejimida ishlashini hisobga olganda yiliga 7-8 million kiloVatt qoʻshimcha elektr energiyasi olish va yoqilgʻi energoresurslarini tejash, atmosferaga zararli gazlarning chiqishini kamaytirish imkonini ham beradi.

    Maʼlumot oʻrnida, stansiyada 200 litrli suv isitgich va yoritish chiroqlari, jami quvvati 13 kiloVatt boʻlgan 4 dona quyosh paneli orqali ishlaydi. Ular ishga tushirilgan 2020-yildan to bugungi kunga qadar jami 162 018 kiloVatt/soat elektr energiyasi va 0,07 Gkal issiqlik energiyasi tejaldi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ maʼlumotiga tayanib.