Bu haqda vazirlik maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, tender natijalariga koʻra, eng past moliyaviy taklifni taqdim etgan va barcha texnik talablarga javob bergan “Vision International Investment Company” (Saudiya Arabistoni) hamda “Koc Construction Mekanik Elektrik” MCHJ (Oʻzbekiston) konsorsiumi gʻolib deb topildi.
Endilikda gʻolib kompaniya 30 kun ichida Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan tegishli shartnomani imzolashi lozim.
Shartnoma shartlariga muvofiq, investor Fargʻona viloyatida xalqaro standartlarga mos keluvchi 800 oʻrinli shifoxonani uch yil ichida loyihalashtirishi, qurishi, moliyalashtirishi hamda zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlashi shart. Mazkur tibbiyot majmuasi Fargʻona vodiysi va unga tutash hududlar aholisi uchun kardiojarrohlik, neyroxirurgiya va organ transplantatsiyasi kabi yuqori texnologiyali uchinchi darajali tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini yaratadi.
Bu, oʻz navbatida, mavjud ixtisoslashtirilgan muassasalarni bir tom ostida birlashtirish orqali resurslar samaradorligini oshiradi va bemorlarning davolanish uchun boshqa hududlarga yoki xorijga chiqish zaruratini kamaytiradi.
Ushbu loyiha sogʻliqni saqlash sohasida davlat va xususiy sektor hamkorligining pilot namunasi boʻlib, kelgusida mamlakatning boshqa mintaqalarida ham shu kabi tibbiyot majmualarini barpo etish uchun model boʻlib xizmat qiladi.
Taʼkidlash joizki, tender jarayonida Fransiya, Turkiya, BAA va Kuvayt kabi davlatlarning yirik global kompaniyalari ishtirok etdi. Ishtirokchilar uchun qoʻyilgan talablar qatʼiy boʻlib, ularning ish tajribasi, moliyaviy koʻrsatkichlari va xodimlar malakasiga alohida eʼtibor qaratildi.