Olimpiada qatnashchilari dastlab Fargʻona shahridagi Ahmad al-Fargʻoniy haykali poyiga gul qoʻyib, dunyo ilm-fani taraqqiyotiga katta hissa qoʻshgan bobokalonimizga hurmat-ehtirom koʻrsatdi.

Ikki kun davom etadigan olimpiadada Oʻzbekiston, Rossiya, Tojikiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Ummon davlatlaridan 140 nafarga yaqin 9-11 sinf oʻquvchilari ishtirok etadi. Shuningdek, Turkiya, Malayziya, Misr, Ozarbayjon kabi 12 ta davlatning vakillari olimpiadada onlayn qatnashib, oʻz bilimlarini sinovdan oʻtkazadi. Ularni xalqaro miqyosdagi tajribali mutaxassislardan iborat hakamlar hayʼati baholab boradi.

Shunisi eʼtiborliki, bir necha asrlar davomida aniq va tabiiy fanlar Oʻzbekiston zaminida keng rivojlanib, Markaziy Osiyo hududi dunyo intellektual markazi boʻlib kelgan. Yurtimiz hududida yuzaga kelgan birinchi va ikkinchi Renessans davri butun dunyo tan oladigan mashhur daholarni yetishtirib berdi. Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad al-Fargʻoniy, Abu Nasr Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Koshgʻariy, Abu Ali ibn Sino, Nasriddin Tusiy, Qozizoda Rumiy, Jamshid Koshiy, Mirzo Ulugʻbek, Ali Qushchi va sharqning boshqa olimlari ilmiy tadqiqotlari jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa boʻldi. Bugungi kunda buyuk ajdodlarimizning munosib izdoshlarini tarbiyalash, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish maqsadida aniq fanlarni yoshlarga oʻrgatish borasida bir qator ishlar amalga oshirilyapti. Maktab oʻquvchilari oʻrtasida xalqaro olimpiadaning ilk bor tashkil etilishi ham ularning fizika faniga boʻlgan qiziqishini va bilimlarini mustahkamlayapti.

Anjumanda ayni jihatlarga ham alohida eʼtibor qaratildi, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Xalqaro olimpiada 13-noyabrgacha davom etadi.