Bugun erta tongdan Fargʻona shahridagi Alisher Navoiy haykali poyiga gul qoʻyish marosimi boʻlib oʻtdi.
Unda viloyat hokimining oʻrinbosarlari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, adabiyotshunos olimlar, ziyolilar, talaba-yoshlar ishtirok etishdi.
Tadbirda viloyat hokimining oʻrinbosari Fayzullo Qosimov yigʻilganlarni hazrat Navoiy tavalludi bayrami bilan qutlab, ulugʻ bobokalonimizning ijtimoiy-siyosiy hayotiga, uning asarlaridagi maʼnaviy-tarbiyaviy jihatlarga alohida toʻxtalib oʻtdi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi rahbari Enaxon Siddiqova, filologiya fanlari doktori, Navoiyshunos olim Xabibullo Joʻrayev shoir ijodini puxta oʻrganish, asarlarini qayta va qayta oʻqish, ularda ulugʻlangan gʻoyalarning yosh avlod tarbiyasi uchun muhim ekanligini taʼkidlab oʻtdilar.
Tadbir davomida Fargʻona shahridagi Prezident maktabida taʼlim berayotgan Kanada, Buyuk Britaniya, Filippinlik ustozlar, Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi oʻquvchilari tomonidan Alisher Navoiy gʻazallaridan namunalar oʻqildi.
Shoirga ehtirom tadbiri soʻnggida yigʻilganlar Alisher Navoiy haykali poyiga gul qoʻyib, hurmat bajo keltirishdi.