Mazkur holat viloyat bojxona boshqarmasining «Ravot» chegara bojxona postida DXX Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan nazorat tadbirlari davomida aniqlangan.
Qoʻshni davlatdan kirib kelgan fuqaro boshqaruvidagi «Lacetti» rusumli avtotransport vositasi belgilangan tartibda bojxona koʻrigidan oʻtkazilgan. Tekshiruv jarayonida bojxona nazoratining texnik vositalari yordamida avtomashinaning yoqilgʻi bakida shubhali jismlar mavjudligi maʼlum boʻldi.
Shundan soʻng, qonunchilik talablariga muvofiq holda va holislar ishtirokida yoqilgʻi baki ochib koʻrilganda, unga 6 945 dona «Royal» nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari hamda uch turdagi giyohvandlik moddalar yashirilgani fosh etildi. Jumladan, 10 kilogramm 739 gramm «gashish», 412 gramm «marixuana» va 35 gramm «opiy» — jami 11 kilogramm 186 gramm giyohvandlik vositalari ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyildi.
Surishtiruvlar davomida aniqlanishicha, haydovchi ushbu narkotik moddalarni tojikistonlik shaxsning topshirigʻiga koʻra, 2 ming AQSh dollari evaziga davlat bojxona chegaralaridan olib oʻtib, oʻz uyi hovlisidagi bogʻka koʻmib qoʻyishi, keyinchalik esa buyurtma beruvchi tomonidan olib ketilishi rejalashtirilgan boʻlgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 246-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qayd etilishicha, 2025 yil davomida respublika bojxona organlari tomonidan 1,8 tonnadan ortiq giyohvandlik vositalari, jumladan sintetik narkotik moddalarining davlat chegaralari orqali olib oʻtilishi hamda ichki hududdagi yashirin aylanmasiga chek qoʻyilgan. Bu koʻrsatkich 2024 yilga nisbatan 1,8 barobariga oshgan.
11 kilogramm ogʻu — bu minglab yoshlarni giyohvandlik girdobiga tortishi, ogʻir ijtimoiy oqibatlar va boshqa jinoyatlarga sabab boʻlishi mumkin edi. Bojxona xodimlarining hushyorligi va tezkorligi tufayli esa ko‘plab oilalar boshiga tushishi mumkin boʻlgan kulfatlarning oldi olindi.