Farg‘onada belaruslik shifokorlar tomonidan tug‘ma yurak nuqsoni bo‘lgan bolalar operatsiya qilindi

    Yurtimizda O‘zbekiston – Belarus sog‘liqni saqlash va tibbiyot ta’limi kunlari bo‘lib o‘tmoqda.

    Uning doirasida Farg‘ona viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida ushbu mamlakat shifokorlari ishtirokida tibbiy ko‘rik, yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari, mahorat darslari, konsilium va seminarlar tashkil etilmoqda.

    Kecha, 16-noyabr kuni aksiya oldidan ochilish tadbiri o‘tkazilib, so‘ng viloyatning barcha shahar va tumanlaridan kelgan bolalar uchun Minsk shahridagi Respublika bolalar xirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi shifokorlari tomonidan tibbiy ko‘rik amalga oshirildi.

    Shu kunning o‘zida xorijlik va mahalliy mutaxassislar hamkorligida 2 nafar tug‘ma yurak nuqsoni bo‘lgan bolalarda murakkab jarrohlik amaliyoti bajarildi.