Fargʻonada birdaniga ikkita DXM binosi foydalanishga topshirildi

    Mamlakatimizda 21 Aprel 2022 2178

    Fargʻona viloyatida davlat xizmatlarini sifat jihatidan yanada oshirish hamda fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida qisqa muddatlarda 17 ta tuman va shaharlarda zamonaviy Davlat xizmatlari markazlari xalq ixtiyoriga topshirildi.

    Jumladan, Fargʻona viloyati markazidan olis hudud — Furqat hamda qoʻshni Tojikiston sarhadlariga tutashib ketgan Beshariq tumanida butunlay yangidan barpo etilgan zamonaviy koʻrinishga ega Davlat xizmatlari markazi binolari ish boshladi.

    Mijozlarning sifatli xizmat olishlariga koʻmaklashish maqsadida yangi barpo etilgan markaz tez fursatlarda oʻziga xos dizayn asosida qulay va shinam koʻrinish kasb etdi. Shuningdek, qoʻshimcha qulayliklar va zamonaviy xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratildi.

    Aytish joizki, Beshariq tumanida ayni kunlarda 4 mingdan ortiq tadbirkorlik subyektlari faoliyat koʻrsatyapti. Joriy yilning oʻzida tuman davlat xizmatlari markazi orqali 20 mingdan ortiq fuqarolarga 50 dan ortiq yoʻnalishlarda davlat xizmatlari koʻrsatildi.

    Foydalanishga topshirilgan markazda bir vaqtning oʻzida 10 nafar, bir kunda 500 nafardan ortiq fuqaroga xizmat koʻrsatish imkoniyati paydo boʻldi. Ayni kunlarda zamonaviy tarzda jihozlangan keng va yorugʻ xonalar, kutish zallari, bolalar maydonchasi, investorlar xonasi, infolend, moʻjaz kutubxona, kassa, oshxona mijozlarning xizmatlar bilan bogʻliq har qanday ogʻirini yengil qiladi. Markazda tadbirkorlik subyektlari uchun ham barcha qulayliklar mavjud. Binolarda investorlarga xizmat koʻrsatish uchun maxsus joy hozirlangan. Shuningdek, fuqarolarga bepul huquqiy maslahat berish burchagi, kutish zali, tibbiyot xonasi, E-auksion va oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish sharoitlari yaratib qoʻyilgan. Ushbu yangidan barpo etilgan markaz binolarining oʻziga xos jihati shundaki, unda kompakt tarzda Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimlari ham joy olgan. Endilikda Adliya vazirligi tizimidagi bu har ikki tashkilotga ehtiyoj sezgan fuqarolar tumanning u chetidan bu chetiga bormaydi. Barcha ishlari shu yerning oʻzida yechim topadi.

    – Davlat xizmatlari markazi binocining qayta qurilishi barcha uchun qulay imkoniyatlar eshigini ochdi, — deydi Ropqon mahalla fuqarolari yigʻini faoli Ahmadali Tojiboyev. — Markazga kiraverishda xodimlar xush kayfiyat bilan fuqarolarni davlat xizmatlari sohasidagi murojaatini oʻrganib, elektron navbat orqali tegishli oynalarga yoʻnaltiradi. Elektron navbat, infokiosk, kutish zali, bolalar maydonchasi... hammasi muhayyo etilgan. 4 ta monitorda davlat xizmatlari koʻrsatish sohasidagi yangiliklar, davlat xizmatlari olish tartiblari toʻgʻrisidagi roliklar muntazam namoyish etib boriladi.

    Keyingi manzil Furqat tumani boʻldi. Tumanda davlat xizmatlari markazining butunlay yangi koʻrinishda barpo etilishi furqatliklar uchun haqiqiy muqaddas ramazon oyi tuhfasi boʻldi. Chunki, ilgarilari markazda bunday sharoitlar mavjud emas edi. Ayniqsa, turli fasllardagi ob-havo bilan bogʻliq ayozli- jazirama kunlarida noqulayliklarga duch kelinardi. Hozirda esa keng maydonga ega markazda fuqarolar va tadbirkorlarga barcha sharoitlar muhayyo qilingan. Ayniqsa, xizmat koʻrsatish zalida har qanday faslda xona harorati moʻtadil saqlab turiladi. Bu esa juda muhim. Chunki mijozlar har xil – yosh bolali, keksa va nogironligi bor fuqarolar boʻlishi mumkin. Beshariq tuman markazidagi kabi Furqat tumani DXM da ham kompakt tarzda FHDYO boʻlimi ham joylashdi.

    Maʼlumot oʻrnida: Ayni paytda Furqat tumanida 150 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Tuman iqtisodiyoti tadbirkorlik, ishlab chiqarish, oziq-ovqat, qurilish materiallari, chorvachilik va dehqonchilik sohalariga ixtisoslashgan. Furqat tumanida ayni kunlarda 2 mingdan ortiq tadbirkorlik subyektlari faoliyat koʻrsatadi. Shu boisdan davlat xizmatlari olishga boʻlgan talab tumanda yuqori. Tuman Davlat xizmatlari markazi orqali aholi va tadbirkorlik subyektlariga 2022-yilning shu davriga nisbatan jami 18 mingdan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatildi. Joriy yilning 3 oyi davomida 100 dan ortiq butunlay yangi tadbirkorlik subyektlari davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Yaqin kunlarda zamonaviy koʻrinish kasb etgan DXM binosida aholiga xizmat koʻrsatish sifati yanada ortib, bu koʻrsatgichlar soni ikki barobarga oshishi koʻzda tutilgan.

    Ochilish marosimidan soʻng yigʻilganlar markazda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

    E.Eksanov,

    Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi

    Jamoatchilik bilan aloqalar

    boʻyicha maslahatchisi.