Fargʻonada bitiruvchi talabalarga diplom topshirish marosimi boʻlib oʻtdi

    Mamlakatimizda yoshlarning oʻzlari tanlagan yoʻnalishlar boʻyicha istalgan oliy oʻquv yurtlarida oʻqishlari uchun ham hozirgi kunda barcha imkoniyatlar, shart-sharoitlar yaratib berilmoqda.

    Jumladan, qoraqalpoq diyorida vodiydan — Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlaridan koʻplab yoshlar taʼlim oladilar. Ushbu bitiruvchi talabalarni qutlash va ularga diplom topshirish maqsadida Qoraqalpogʻistondan Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rahbariyati hamda professor-oʻqituvchilari Fargʻonaga keldi.

    Bugungi bitiruvchilarning aksariyati bundan toʻrt yil muqaddam xorijiy davlatlardagi oliy taʼlim muassasalarining yuridik fakultetlaridagi sirtqi boʻlimlarda oʻqirdi. Prezidentimiz tomonidan berilgan imkoniyatlar tufayli bu yoshlar Qoraqalpoq davlat universitetining yuridik fakultetida oʻqishni davom ettirdi va bakalavr diplomini qoʻlga kiritdi.

    Aytish kerakki, Qoraqalpoq davlat universiteti nafaqat yurisprudensiya yoʻnalishida, balki ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda yuqori malakali kadrlar tayyorlashda tayanch oliy oʻquv yurti sanaladi. Hozirgi kunda oliy oʻquv yurtida huquqshunoslik yoʻnalishi boʻyicha bakalavr va magistrlar tayyorlanmoqda.

    Tadbirni olib borgan Fargʻona davlat universiteti rektori Bahodirjon Shermuhammadov oʻz soʻzida soʻnggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbuskorligida huquqshunoslik sohasiga berilayotgan eʼtibor, inson qadri, uning huquq va erkinliklari borasidagi islohotlar xususida alohida gapirib oʻtdi.

    Tadbir doirasida mehmonlar Fargʻona davlat universitetida ham boʻldilar. Ular universitetda yurisprudensiya yoʻnalishi talabalari uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, ikki universitet oʻrtasida kelgusida oʻzaro ilmiy hamkorlikni yanada kuchaytirish boʻyicha muloqot qildilar.

    FarDUning "Qatagʻon qurbonlari" muzeyiga uyushtirilgan sayohat esa mehmonlarda chuqur taassurot qoldirib, ularni tarix haqiqatlari va jadidchilik davri sari yetakladi.


    Hamkorlik material