Fargʻonada vakolatli organlar tomonidan oʻtgan 2020-yil mobaynida davlat xizmatlari koʻrsatilishi borasida 10 yarim mingga yaqin qonun buzilish holatlariga yoʻl qoʻyilganligi aniqlangan. Bu haqda Davlat xizmatlari agentligi Fargʻona viloyat boshqarmasi maʼlum qiladi.

Axborot xizmati maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan 2020-yil davomida boshqarma xodimlari tomonidan vakolatli organlarning davlat xizmatlari koʻrsatish sohasida 10 ming 487 ta qonun buzilishlarga yoʻl qoʻyilgan. Xususan, davlat xizmatlarini koʻrsatishda 10 ming 459 ta holatda muddatlarni buzish va 21 ta holatda asossiz rad etish holatlari aniqlangan.

Davlat xizmatlarini koʻrsatishdagi eng koʻp muddat buzilish holatlariga “Oʻztransgaz” gaz taʼminoti korxonalari 5 664 ta, “Oʻzbekenergo” elektr tarmoqlari korxonalari 1 327 ta yoʻl qoʻygan. Suv taʼminoti korxonasida esa bu raqamlar 1 476 tani tashkil etdi.

Hisobot davrida aniqlangan mazkur qonun buzilish holatlari yuzasidan 184 nafar shaxslar maʼmuriy, 59 nafar shaxs esa intizomiy javobgarlikka tortilgan, shu jumladan 5 nafar shaxslar egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.