Tashkilotchilarning taʼkidlashicha, ushbu Markaz Fargʻona vodiysidagi chegara oldi hududlar salohiyatini oshirishga qaratilgan turli tadbirlar oʻtkazish uchun maydon sifatida foydalaniladi, shuningdek, yoshlar va soha mutaxassislarining malakasini oshirish, yangi bilimlar berish hamda muloqot va munozara muhitini yaratish uchun xizmat qiladi.
Markaz Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Markaziy Osiyoda bagʻrikenglik va tinchlik yoʻlida transchegaraviy va sohalararo muloqot” loyihasi doirasida tashkil etildi. Mazkur loyiha Konrad Adenauer nomidagi jamgʻarma boshchiligidagi konsorsium bilan uchta mamlakatdagi hamkorlari — “Yuksalish” umummilliy harakati (Oʻzbekiston), “BIOM” ekologik harakati (Qirgʻiziston) hamda “Gender va taraqqiyot” jamoat tashkiloti (Tojikiston) tomonidan amalga oshirilmoqda.
Loyiha Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Tojikiston aholisi oʻrtasida koʻp tomonlama chegaralararo muloqotga koʻmaklashishga, bagʻrikenglik va oʻzaro hamjihatlikni ragʻbatlantirishga, radikallashuvning oldini olish, zoʻravonlikning ildizlari toʻgʻrisida fuqarolar xabardorligini oshirishga hamda chegaradosh hududlarda fuqarolik jamiyati salohiyatini oshirishga qaratilgan.
Ushbu loyihaning amalga oshirish bosqichi maqsadli mamlakatlarning chegaraoldi mintaqalaridagi uchta universitetda Bagʻrikenglik markazlarini tashkil etishni oʻz ichiga oladi. Markazlarda maqsadli guruhlar va manfaatdor tomonlar oʻrtasidagi muloqotni osonlashtirish uchun ijodiy va qulay norasmiy makon yaratilib, texnik jihatdan jihozlangan boʻladi. Markazlar faoliyati doirasida, shuningdek, mamlakat ichkarisida va tashqarisida hamda davlatlar va boshqa jamoat aʼzolari, yoshlar oʻrtasida fikr almashish platformasi va mexanizmi sifatida muhokamalar formatini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Turli bahs-munozara tadbirlari asosida mediakontent ishlab chiqish va uni internet-nashrlari va ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatish koʻzda tutilgan.
Maʼlumot uchun: Faol fuqarolar umummilliy festivali “Yuksalish” umummilliy harakati hamda Adliya vazirligi tashabbusi bilan AQSHning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi, “ARGO” fuqarolik jamiyatini rivojlantirish assotsiatsiyasi (Qozogʻiston) va boshqa hamkorlar koʻmagida amalga oshirilmoqda.
“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati