Fargʻonada DXA xodimlari oʻrtasida sport musobaqasi boʻlib oʻtdi

    Sport 15 Noyabr 2021 974

    Fargʻona shahrida joylashgan “Atletik” sport majmuasida Davlat xizmatlari agentligi Fargʻona viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan tuman va shahar DXM xodimlari oʻrtasida “Davlat xizmatlari agentligi sogʻlom turmush tarafdori” shiori ostida futbol musobaqasi boʻlib oʻtdi.

    Ushbu sport tadbirini tashkillashtirishdan bosh maqsad mutaxassis va xodimlar oʻrtasida sport madaniyatini yanada rivojlantirish, ularning salomatliklarini mustahkamlashdan iborat. Davlat xizmatlari markazlarida faoliyat olib boruvchi xodimlar bir kunda oʻrtacha 100-120 nafar fuqarolar bilan muomalaga kirishadi. Eʼtiborlisi, mijozlar markazlarga turli kayfiyatlarda kelishadi. Davlat xizmatchisi esa barchaga birdek xushmuomalada boʻlishlari zarur. Bundan tashqari, xodimlar kun boʻyi kompyuter qarshisida oʻtirgan holatda ish yuritadilar. Bu kabi vaziyatlar albatta ularning ruhiy va jismoniy holatiga taʼsir oʻtkazmasdan qolmaydi. Stress holatlarini yengib oʻtishda esa davlat xizmatchilari uchun sport bilan muntazam shugʻullanib borish talab etiladi.

    Qurʼa tashlash marosimidan soʻng tadbirning rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Tadbir avvalida soʻz olganlar bugungi kunda shu sohada olib borilayotgan ulkan oʻzgarishlar va islohotlar, ularning zamirida xalq manfaati va ularga yaratilayotgan qulayliklar haqida toʻxtalib oʻtdi.

    — Albatta, yaxshi dam mehnatga samara bagʻishlaydi, — dedi oʻz soʻzida DXA Fargʻona viloyat boshqarmasi kasaba uyushmasi boshlangʻich tashkiloti raisi Xabibullo Teshaboyev. — Shuning uchun ham bugungidek, sport bayramlarini xodimlar oʻrtasida tez-tez tashkillashtirishni niyat qilganmiz. Oʻylaymanki, bu kabi sport tadbirlari ertangi ish kuningiz, va oilaviy hayotingizda ijobiy samara berishiga ishonaman.

    Murosasiz kechgan bellashuvlarda tumanlardan kelgan barcha jamoalar faol ishtirok etdi va bellashuvga puxta tayyorgarlik koʻrganliklarini oʻyinlar davomida isbotladi.

    Gʻolib va nominatsiyalari boʻyicha oʻrin olgan jamoalar vakillari esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

    DXA Fargʻona viloyat boshqarmasi matbuot xizmati.