Fargʻonada elektromobillar qachon ishlab chiqarila boshlashi maʼlum qilindi

    Sanoat 24 Sentabr 2022 1968

    Korxonada yillik 10 ming elektromobil ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.

    Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Fargʻona shahridagi oʻrganishlari davomida mexanika zavodi hududida joylashgan kichik sanoat zonasidagi “Central Asia Motors” korxonasida boʻldi. Viloyat rahbariga viloyat prokurori Baxtiyor Ismoilov hamrohlik qildi.

    Korxonada 2021-2022-yillarda bosqichma-bosqich amalga oshirilishi koʻzda tutilgan elektromobillar uchun ehtiyot qismlarni ishlab chiqarishni oʻzlashtirish hamda yengil va yuk elektromobillarini ishlab chiqarish loyihasi boʻyicha qilingan ishlar koʻzdan kechirildi.

    5 million dollar tadbirkorning oʻz mablagʻlari, 5 million dollar bank krediti hamda 40 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya hisobiga jami 50 million dollar sarflanishi koʻzda tutilgan ushbu loyiha toʻliq yakunlansa, 350 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratiladi. Yillik 10 ming elektromobil ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi va uning 40 foizi eksportga yoʻnaltiriladi.

    Shuningdek, elektromobillar uchun kuzov, zaryad stansiyasi, akkumulyator ehtiyot qismlari mahalliylashtiriladi.

    Korxona bosh direktori Bahodir Ahmedov elektromobillarni yigʻish va sinovdan oʻtkazish sexlari, ishlab chiqarish jarayonlari haqida maʼlumot berdi. Tadbirkor viloyat rahbariga elektromobillar ishlab chiqarish jarayonlari joriy yil yakuniga qadar boshlanishini maʼlum qildi.