Mazkur loyihaning umumiy qiymati 50 million AQSH dollari boʻlib, Prezidentimizning 2020-yil 28-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining 2021-2023-yillarga moʻljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” dagi qarorida 2022-yil dekabr oyida ishga tushirilishi va 350 ta yangi ish oʻrinlari tashkil etilishi belgilangan.
Lekin ijtimoiy tarmoqlarda mazkur loyiha 2021-yil dekabr oyida ishga tushirilishi haqida notoʻgʻri xabarlar tarqalib, jamoatchilikni chalgʻitmoqda. Ushbu loyihaning birinchi bosqichini amalga oshirish uchun mahalliy hokimlik tomonidan 2021-yil 1-iyun oyida 13 824 m2 sobiq mexanika zavodi binosi topshirilgan boʻlib, hozirgi kunda ajratilgan bino-inshootlar tubdan rekonstruksiya qilindi, kapital tamirdan chiqarildi.
Korxona oʻz faoliyatini joriy yilning iyun oyidan boshlaganiga qaramay, qisqa vaqt ichida loyihaning birinchi bosqich uskunalarining 40 foizi olib kelinib, dastlabki montaj ishlari amalga oshirildi. Aslida bu darajadagi katta loyihalar dunyo miqyosida 2-3 yil davomida amalga oshiriladi. Loyiha tashabbuskorlari mazkur loyihani 1,5 yil ichida amalga oshirishni rejalashtirilgan.
Maʼlum qilinishicha, pandemiya sharoitida yuz bergan logistika muammolariga qaramay, Respublikamizda milliy elektromobillarni ishlab chiqarish boʻyicha ishlar jadal davom ettirilmoqda. Mazkur loyiha belgilangan muddatda ishga tushirilishi taʼminlanadi.