Bu haqda Fargʻona viloyati hokimligi xabar berdi.
Prezidentning 2024-yil 10-yanvar kuni qabul qilingan “Elektrotexnika sanoatining ishlab chiqarish va eksport salohiyatini yanada oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida “Eltech Industrial” texnoparki faoliyati kengaytirilib, Fargʻona va Xorazm viloyatlarida uning alohida filiallari tashkil etildi va bugungi kunda ushbu loyihalarning qurilish-montaj ishlari davom etmoqda.
Umumiy maydoni 10 gektarni tashkil qiluvchi mazkur texnoparkni infratuzilma bilan taʼminlash boʻyicha manzilli dastur tasdiqlangan boʻlib, dastlabki tarzda 25 mln. dollarga teng 4 ta loyihalar paketi shakllantirildi. Jumladan, loyihalar orasida dunyo avtomobilsozlik sanoatiga elektronika tizimlari yetkazib beruvchi Turkiyaning “DAIICHI Electronic” kompaniyasi ham bor.
Fargʻona shahrining Ekoshahar hududida qurilishiga start berilgan mazkur texnopark ilk marotaba Fargʻona tajribasi sifatida “sanoat ipotekasi” asosida “tayyor holda” tadbirkorlarga foydalanish uchun topshirilmoqda. Keyinchalik bu amaliyot respublikaning boshqa hududlarida ham tatbiq etilishi koʻzda tutilgan. Ushbu loyihalar “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi bilan “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB hamkorligida amalga oshirilmoqda.
Tasdiqlangan bosh rejaga koʻra, texnopark hududida ijtimoiy infratuzilma obyektlari davlat-xususiy sherikchilik asosida joylashtirilishi ham koʻzda tutilgan.