Farg‘onada erkak telefoniga javob bermagan taksi haydovchisi mashinasiga g‘isht otdi

    Voqea-hodisalar 2 Avgust 2023 2281

    Internet ijtimoiy tarmoqlarida tarqalgan ikki nafar shaxsning oʻzaro janjallashayotganligi aks etgan videoxabar Fargʻona viloyati IIB tomonidan oʻrganib chiqildi.

    Aniqlanishicha, joriy yilning 1-avgust kuni Fargʻona shahrida yashovchi fuqaro Sh.S. “Yandeks” firmasiga taksi buyurtma qilgan hamda buyurtmani mazkur firma haydovchisi Fargʻona shahrida yashovchi 2002-yilda tugʻilgan I.R. qabul qilib, birozdan soʻng oʻz boshqaruvidagi “ Cobalt” rusumli avtomashinasida S.Sh. turgan S.Temur koʻchasiga yetib kelgan.

    Biroq fuqaro Sh.S. haydovchi I.R.ning telefon apparati oʻchib qolganligidan va uning qoʻngʻirogʻiga javob bermaganidan jahli chiqib, u bilan oʻzaro janjallashib, I.R.ning avtomashinasi oynalarini tosh bilan urib sindirib yuborgan.

    Hozirda holatning barcha ishtirokchilari shaxsiga oydinlik kiritilib, Fargʻona shahar IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

    Shuningdek, mulkka yetkazilgan moddiy zarar miqdorini aniqlash boʻyicha, tegishli tartibda ekspertiza tayinlangan.