Fargʻonada yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan yoshlarga xonadon kalitlari topshirildi

    Ijtimoiy hayot 30 Noyabr 2022 1225

    Margʻilon shahrida hamda Buvaydada yashovchi 7 nafar yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan yoshlarga davlatimiz rahbari sovgʻasi – kvartiralar kalitlari topshirildi

    Bugun Margʻilon shahrida 7 nafar yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan yoshlarga Davlatimiz rahbari sovgʻasi – kvartiralar kalitlari topshirildi. Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat sektorlari rahbarlari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

    Prezidentimiz tomonidan yurtimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning huquq va erkinliklarini roʻyobga chiqarish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor berilmoqda. Bugun 6 nafar margʻilonlik hamda 1 nafar buvaydalik yoshlar ham ushbu amaliy gʻamxoʻrlik natijasida oʻz uylariga ega boʻldilar.

    Ruxshona Mahmudjonova, Oyatillo Yusufjonov, Mahmudjon Murodilov, Alina Sachnyova, Gulshoda Pirmatova, Xayriniso Xoshimova va buvaydalik Alimardon Abdujalilovlar Davlatimiz rahbari tomonidan ajratilgan mablagʻ hisobiga xarid qilingan va oʻz nomlariga rasmiylashtirilgan 1 xonali kvartiralar kalitlarini viloyat hokimidan qabul qilib oldilar.

    Yangi xonadon egalarining quvonchlari bir olam, ular berilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrliklar uchun Prezidentimizga cheksiz minnatdorchiliklarini izhor qildilar.

    Hozirda Ruxshona va Oyatillo oʻquv kurslarida kasbga oʻqitilmoqda. Alina va Gulshoda kasb-hunar maktablarida tahsil olmoqda. Mahmudjon shahardagi gilam yuvish korxonasida ish boshqaruvchi boʻlib ishlaydi. Xayriniso 2 yoshli farzandi tarbiyasi bilan band. Alimardon esa oilali, bir nafar farzandi bor, ustachilik bilan shugʻullanadi.

    Prezidentimizning ezgu va xayrli qarorlari bilan oʻtgan yili viloyatimiz boʻylab 18 yoshga toʻlgan 29 nafar yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan yoshlarga koʻp kvartirali uy-joylardan kvartira taqdim etilgan boʻlsa, bu yil 17 nafar yigit-qiz taʼmirlangan va toʻla jihozlangan uy-joylar egasiga aylanishmoqda.

    Shermuhammad Dehqonov