Fargʻonada yetishtirilgan “husayni” amerikaliklarda katta qiziqish uygʻotdi

    AQSHda oʻtkazilgan marketing tahlillariga koʻra, Oʻzbekistondan tajriba tariqasida yetkazilgan “Xusayni” navli uzumining taʼmi va koʻrinishi amerikalik xaridorlar oʻrtasida katta qiziqishga sabab boʻldi.

    Noyabr oyi boshida Nyu-York shahriga Fargʻona viloyatining Oltiariq tumanidan tajriba tariqasida yetkazilgan bir tonna uzumning barchasi mahalliy aholi tomonidan ikki kunda xarid qilindi.

    Ushbu omillar sabab yurtimizdan yangi uzumning yanada kattaroq partiyasini yetkazish boʻyicha muzokaralar boshlangan edi. Muzokaralar natijasida joriy yilning 14-dekabr kuni AQSHning “E.L.A. Superior Produce Inc.” va Fargʻona viloyatidagi “Seraxun” masʼuliyati cheklangan jamiyati oʻrtasida umumiy qiymati 2 million dollarga teng qoʻshimcha eksport shartnomasi imzolandi.

    Hujjatga muvofiq, Fargʻona dehqonlari tomonidan yetishtirilgan 250 tonna uzum havo transporti orqali Nyu-York shahriga yetkaziladi va “NetCost” oziq-ovqat savdo tarmoqlari orqali sotiladi.

    Oʻzbek diplomatlari, shuningdek, Oʻzbekistondan quritilgan mevalarni AQSH va Kanada davlatlariga eksportini yoʻlga qoʻshish boʻyicha muzokaralarni davom ettirmoqda.