Farg'onada fidoyi insonlar sharaflandi

    Farg'ona viloyatida ham Qishloq xo'jaligi xodimlari kuni bayrami keng tantana qilindi. Farg'ona shahridagi “Fayz” tantanalar majmuasida o'tkazilgan bayram tadbirida Farg'ona viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Xayrullo Bozorov barchani bayram bilan qutladi.

    Joriy yilda viloyatidagi 9 ta paxta-to'qimachilik, 13 ta g'allachilik, 20 ta meva-sabzavotchilik hamda 2 ta chorvachilik klasterlari tomonidan mahsulot etishtirish va qayta ishlash, eksport qilish borasida quvonarli yutuqlarga erishildi. Paxta etishtirishda klaster usuli samarasi sifatida sohaga kiritilayotgan innovatsion texnologiyalar hajmi 155 foizga ko'payib, hosildorlik 3-5 tsentnerga oshdi.

    Muhtaram Prezidentimizning Qishloq xo'jaligi xodimlari kuni munosabati bilan yo'llagan bayram tabrigida g'allachilik sohasida erishgan yutuqlari uchun viloyatning YOzyovon tumanidagi “Bahrombek” fermer xo'jaligi, Rishton tumanida joylashgan “Qahramon” g'allachilik klasteri hamda paxtachilik sohasida Uchko'prik tumanidagi “Mirjalol Guliston durdonasi” fermer xo'jaligi yutuqlari alohida e'tirof etildi.

    O'zbekistonni 2017-2021 yillarda yanada rivojlantirish bo'yicha Harakatlar strategiyasida barcha sohalar qatori qishloq xo'jaligini ham modernizatsiya qilish borasida eng muhim vazifalarni aniq belgilanib, ularni izchil amalga oshirilayotgani sohadagi ulkan muvaffaqiyatlarga asos bo'lib xizmat qilmoqda.

    Viloyatda tashkil etilgan meva-sabzavotchilik klasterlari tomonidan joriy yilning o'tgan 11 oyi davomida 215,7 million dollarlik qishloq xo'jaligi mahsulotlari eksport qilinib, bu viloyatning qariyb 40 foiz eksport ulushini tashkil etgani ham alohida e'tirof etildi.

    – Alisher Navoiy bobomiz “Olam ahlining to'qligi, quvonchi, avvalo, erga urug' sochib, bebaho noz-ne'mat etishtiradigan fidoyi insonlar mehnatidandir”, deya bejiz ta'rif etmaganlar, – deyddi biz bilan suhbatda Oltiariq tumanidagi “Sadoba Sahoba” fermer xo'jaligi rahbari Sapuraxon Boltaeva. – Muhtaram YUrtboshimiz tomonidan fermer xo'jaliklari va umuman, qishloq xo'jaligi sohasi har tomonlama qo'llab-quvvatlanib, barcha zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Bu esa barcha ishlarimizda dasturilamal bo'lmoqda.

    SHodiyona davomida bir guruh fidoyi hamyurtlarimizga “O'zbekiston Respublikasi qishloq xo'jaligi fidoyisi”, “Suv xo'jaligi a'lochisi”, “Mehnatkash dehqon”, “Ilg'or fermer”, “Namunali tomorqachi” singari ko'krak-nishonlari tantanali ravishda topshirildi. Bundan tashqari, joriy dehqonchilik yilida yutuqlarga erishgan bir guruh soha vakillariga viloyat hokimligining faxriy yorlig'i va esdalik sovg'alari topshirildi.

    San'atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo'shiqlar bayram dasturiga yanada shukuh ulashdi.

    SH.TO'XTAMATOV,

    jurnalist