Bagʻdod tumandagi “Irgʻoli” MFYdagi Doribuloq koʻchasida istiqomat qiluvchi Shuhratjon Xursanov xonadonidagi issiqxonada Niderlandiya lolasini parvarishlashni yoʻlga qoʻygan.
Oʻtgan 2024-yili ham lola yetishtirgan Shuhratjonning taʼkidlashicha, hovli oʻrtasidagi 2 sotixli issiqxonaga Niderlandiya lolasi piyozini chetdan olib keladi va yetishtirish, qadoqlash, sotish malakasi bu yil ancha oshgan. 150 mln soʻmdan ziyod daromad olmoqda.
— Shu kunlarda dastlabki hosilni yigʻishtirib olib, xorijga eksport qilishni boshladik. Hozirda ushbu faoliyatni rivojlantirish uchun yangi biznes-reja tayyorlayapmiz, — deydi issiqxona egasi.
Niderlandiyadan keltirilgan lola piyozchalarini gidroponika usulida yetishtirish yoʻlga qoʻyilgan. Bu usulda urugʻ tuproqqa emas, suvga ekiladi hamda uzoq masofalarga tashishga yaroqli boʻladi.