Fargʻonada haydovchilar uchun viloyat imtihon markazi foydalanishga topshirildi

    Endilikda innovatsion texnologiyalar bilan jihozlangan va barcha qulayliklarga ega boʻlgan bu joyda haydovchilik guvohnomasini olish boʻyicha imtihonlar oʻtkaziladi.

    Tantanali ochilish tadbirida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari – Jamoat xavfsizligi departamenti boshligʻi Bekmurod Abdullayev, Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Olim Saidov ishtirok etdi.

    Prezidentimizning 2020-yil 7-dekabrdagi “Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan tadbirkorlik subyektlariga barcha toifadagi avtomototransport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni oʻtkazish huquqi berildi.

    Fargʻona tumanidagi “Oʻrtashoʻra” mahalla fuqarolar yigʻini hududida “Autodriver Study” MCHJ tomonidan barpo etilgan mazkur imtihon markazi bir kunda 450 nafardan ortiq talabgorni nazariy imtihondan, 300 nafardan ortiq talabgorni amaliy imtihondan oʻtkazish quvvatiga ega. Bu yerda nazariy imtihonlarni oʻtkazish uchun texnik va texnologik vositalar bilan maxsus jihozlangan zal (xonalar), avtomototransport vositalarining barcha toifalari boʻyicha amaliy imtihonlarni oʻtkazish uchun avtomatlashtirilgan avtodrom tashkil etilgan.

    Markazda maxsus jihozlangan avtomototransport vositalari hamda yoʻl harakatini tashkil etishning texnik vositalarini oʻzaro bogʻlovchi markaziy dasturiy majmua faoliyat yuritadi va haydovchilikka nomzodlar tomonidan amalga oshirilgan har bir sinov mashqlari natijalarini inson omilisiz avtomatlashtirilgan nazorat tizimi orqali baholanadi.

    Ayniqsa, markazning dispetcherlik (nazorat) punkti haydovchilikka nomzodlarning harakatlarini koʻrsatib turadigan kompyuter va monitorlar, avtomatlashtirilgan avtodrom tizimining elementi sifatida ishlaydigan axborotni doimiy qabul qilish, uzatish va qayta ishlash uskunalari, ovozli aloqa vositalari bilan jihozlanganligi muhimdir.

    Mazkur imtihon markazi oʻz faoliyati davomida yetarli huquqiy bilimi shakllangan va munosib oʻzaro madaniyatiga va malakaga ega xaydovchilarni sinovdan oʻtkazishdagi amaliy yordami natijasida viloyatda yoʻl transport hodisasi keskin kamayishiga erishiladi.