Bu haqda IIV Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi xabar berdi.

Mavjud maʼlumotlarga koʻra, muqaddam “Hizb ut-Tahrir” safida faoliyat olib borganligi uchun 2000-2004 va 2007-2013-yillarda jazo muddatini oʻtab chiqqan 1979-y.t. “M.A.” jinoiy faoliyatini tiklab, Internet tarmogʻining “Facebook” ilovasi orqali ekstremistik gʻoyalarni targʻib qilish va shu yoʻl bilan “tahrirchilar” safini kengaytirishga qaratilgan noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etgan.

“M.A.” “Facebook«dagi elektron manzili orqali virtual doʻstlariga «Hizb ut-Tahrir” DETning audio-video materiallarini, shuningdek tashkilotning faol virtual yollovchisi va targʻibotchisi “Maxmud Abdulmoʻmin” taxallusli, 1980-yilda Qirgʻizistonda tugʻilgan Xoldarov Maxmudjon Abdumalikovichning maʼruzalarini tarqatib kelganligi aniqlandi.

Hozirda ushbu shaxsga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov-surishtiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda.