Qayd etilishicha, Bag‘dod tumani pedagogika kolleji zimmasiga yuklangan 2024-yilgi gazeta va jurnallar obuna rejasini bajarolmagan muassasa direktori tuman hokimining o‘rinbosari tomonidan kaltaklangani aytilgan. Voqea 14 noyabr kuni tuman hokimligi yig‘ilishida ro‘y bergan.
“Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi professional ta’lim tizimiga mas’ul sifatida holatni tashvishli deb baholaydi va keskin qoralaydi. Vazirlik hokim o‘rinbosarining xatti-harakatiga huquqiy baho berilishi va bu kabi holatlar qayta takrorlanmasligi uchun zarur choralar ko‘rilishi kerak deb hisoblaydi.
Shuningdek, vazirlik gazeta va jurnallarga majburiy obuna tashkil etilishiga mutlaqo qarshi bo‘lib, bunday holatlarga qarshi kurash, oldini olish maqsadida oliy va professional ta’lim muassasalari, professor-o‘qituvchilar, o‘quvchi-talabalar hamda boshqa xodimlar o‘rtasida doimiy tushuntirish ishlari olib borilishini ma’lum qiladi.
Agar ta’lim muassasalarida gazeta-jurnallarga majburiy obuna holatlari aniqlansa, qonun doirasida zarur choralar ko‘rilishi haqida ham ogohlantirilgan”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Ta’lim muassasalari o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib, muassasaga mazkur maqsadlar uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida istagan va zarur deb hisoblagan bosma nashrlarga ixtiyoriy ravishda obuna bo‘lishlari mumkin. Bunda professor-o‘qituvchilar, xodimlar va o‘quvchi-talabalarni majburiy obuna qildirish qat’iyan taqiqlanadi.
Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan tuman prokuraturasi tergovga qadar surishtiruv ishlarini olib bormoqda.