Fargʻonada ikki kishi quduqdan olib chiqildi, lekin...

    Xavfsizlik 18 Iyun 2021 1449

    Fargʻona viloyati Fargʻona tumanida FVV xodimlari tomonidan quduqdan ikki nafar fuqaro olib chiqildi: ulardan biri vafot etgan.

    17-iyunda Fargʻona tumani Doʻstlik MFY Nilufar koʻchasidagi uylarning birida 50 metr chuqurlikdagi quduqni tozalash maqsadida tushgan fuqaroning boshiga ichida tuproq toʻla temir chelak tushib, voqea joyida vafot etgan.

    Ushbu holatga aniqlik kiritilganda, uy egasi tomonidan quduqni tozalash ishlari olib borayotgan vaqtda, temir chelak arqoni uzilib ketgan. Boshidagi himoya kaskasi borligiga qaramasdan fuqaro ogʻir tan jarohati bilan halok boʻlgan.

    Hodisani kuzatib turgan yana bir fuqaro yordam berish maqsadida chuqurlikka tushadi va qaytib chiqolmagan.

    Mazkur vaziyat yuzasidan viloyat FVB xodimlari zudlik bilan belgilangan manzilga yetib borgan. Qutqaruvchilarning tezkor harakatlari natijasida, qutqaruv asbob-anjomlari yordamida 50 metrlik quduqdan 2 nafar fuqaro olib chiqilgan.

    Mazkur holat yuzasidan dastlabki tergov oldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deb xabar beradi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.