Oʻtgan haftada ilk bor Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Fargʻona filialida ikki nafar bemorda ilk bor aorta–koronar shuntlash jarrohlik amaliyoti oʻtkazilgan edi.
Bugun esa poytaxtdan kelgan mutaxassislar – Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining xirurgiya boʻlimi rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Farhod Xadjibayev rahbarligidagi 12 kishilik guruh hamda markazning Fargʻona filiali shifokorlari ishtirokida buyrak koʻchirib oʻtkazish amaliyoti oʻtkazildi. 6 soatdan ortiq davom etgan jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli oʻtdi. Bemorlarning ahvoli yaxshi.
Filial direktori Abduqayum Toʻxtaqulovning maʼlum qilishicha, bosqichma-bosqich yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari shu yerda amalga oshirilmoqda. Viloyatda ham aʼzolar va toʻqimalari transplantatsiya qilinishiga muhtoj boʻlgan bemorlar boʻlib, bunday amaliyotlarning oʻtkazilishi ularga umid bagʻishlamoqda.
Fargʻona viloyatida bugungi kunda surunkali buyrak yetishmovchiligi bilan ogʻrigan bemorning 260 nafari doimiy ravishda gemodializator apparati orqali muolaja olmoqda. Hozirda oltmishga yaqin bemorlar buyrak koʻchirish amaliyotini oʻtkazishga muhtoj.
Uchkoʻprik tumanilik 31 yoshli Gulasal Sobirova ham surunkali buyrak yetishmovchiligidan aziyat chekardi. Kasallikning beshinchi bosqichi boshlanib, olti oydan buyon gemodializ olardi. Turmush oʻrtogʻining hayotini saqlab qolish uchun Dilshod Sobirov donorlik qiladigan boʻldi. Shundan soʻng kerakli tekshiruvlar amalga oshirilib, buyrak koʻchirish boʻyicha murakkab jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi.