Yurak klapanlari yaxshi ishlamasligi natijasida bemorning nafas qisishi, charchoq, koʻkrak qafasidagi ogʻriqlar va yurak yetishmovchiligi bezovta qilgan. Poytaxtdan kelgan malakali kardioxirurglar va fargʻonalik shifokorlar ushbu asoratlarni bartaraf etish, bemorni sogʻlom hayotga qaytarish maqsadida ilk bor toʻxtab turgan yurakda aorta klapanini protezlash jarrohlik amaliyotini oʻtkazdi.
– Ushbu murakkab jarrohlik amaliyotini oʻtkazish uchun muassasada barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilgan, - deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Fargʻona filiali direktori Bahodir Mamadjonov. – Germaniyada ishlab chiqarilgan “Shtokkert” sunʼiy qon aylantirish apparati respublikamizda sanoqli, U jarrohlik amaliyoti vaqtida bemor yuragi toʻxtatilgach yurak vazifasini bajaradi.
Viloyat markazlarida bu kabi murakkab jarrohlik amaliyotlarining oʻtkazilayotgani tibbiyotdagi islohotlar, aholi salomatligi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar samarasidir.
Taʼkidlash joiz, yil boshidan buyon Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazidan jalb etilgan yetakchi kardioxirurg mutaxassislar ishtirokida 9 nafar bemorda aorta-koronar shuntlash jarrohligi oʻtkazilgan boʻlsa, iyun oyida yurak-qon tomir jarrohlik va mikroxirurgiya boʻlimi shifokorlari tomonidan 4 nafar bemorda korotid endarterektomiya jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli olib borilgan va bemorlarning hayoti saqlab qolingan.
Hozirgi kunda bemorlarning ahvoli yaxshi, davo muolajalari davom ettirilmoqda.