Bugun gʻoliblarni taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Unda tegishli tashkilot va boshqarma rahbarlari hamda gʻoliblar ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov gʻoliblarni tabriklab, ularning kelgusidagi faoliyatiga omad tiladi. U davlat xizmatchisi boʻlish xalq ishonchini oqlash va Vatanga sidqidildan xizmat qilishni anglatishini taʼkidladi. Bu lavozim halollik, sadoqat va yuksak fuqarolik masʼuliyatini talab etishi qayd etildi.
Prezident huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi direktori oʻrinbosari Akmal Salihov ham soʻzga chiqib, milliy kadrlar zaxirasini shakllantirish boʻyicha yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida maʼlumot berdi. Tanlov Fargʻona tajribasi sifatida ilk bor tashkil etilgani yuqori baholandi.
700 dan ziyod davlat xizmatchilari ishtirok etgan tanlov besh bosqichda oʻtkazilib, ular orasidan 63 nafar nomzod saralandi. Birinchi oʻrinni viloyat Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi shoʻba boshligʻi Jamshidbek Jahbarov, ikkinchi oʻrinni Furqat tumani Oila va xotin-qizlar boʻlimi bosh mutaxassisi Gulzoda Muxtorova, uchinchi oʻrinni viloyat adliya boshqarmasi shoʻba boshligʻi Ziyodbek Halimjonov qoʻlga kiritdi. Ular pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Tadbirda barcha gʻoliblarga sertifikatlar topshirildi. Tanlov ishtirokchilari koʻrsatilayotgan eʼtibor va yaratilayotgan shart-sharoitlar uchun minnatdorlik bildirib, kelgusida yurt ravnaqiga munosib hissa qoʻshishlarini taʼkidladilar. Tanlov har yili anʼanaviy tarzda oʻtkazilishi maʼlum qilindi.








