Fargʻonada Koreya- Oʻzbekiston biznes assotsiatsiyasi vakolatxonasi ochildi

    Biznes 23 Sentabr 2020 1084

    Iyul oyida Fargʻona viloyat hokimi Shuhrat Gʻaniyev boshchiligidagi delegatsiyaning Koreya respublikasiga safari doirasida 885 million dollarlik 8 ta loyihani hayotga tatbiq etish boʻyicha hujjatlar imzolangan edi.

    Xususan, Fargʻona shahrida Koreya- Oʻzbekiston biznes assotsiatsiyasi vakolatxonasini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishilgan.

    Vakolatxonaning Janubiy Koreya tomonidan vakili sifatida Koreya hududiy issiqlik taʼminoti korporatsiyasi sobiq direktor oʻrinbosari Benjamin Von tayinlandi. Shuningdek, u Fargʻona viloyati hokimining tashqi iqtisodiy aloqalar boʻyicha maslahatchisi sifatida ham faoliyat yuritib kelyapti.

    Vakolatxonaning ochilish marosimida uning oʻzaro iqtisodiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, loyihalarni amalga oshirish, ikki davlat tadbirkorlariga muloqot maydoni yaratish ishlariga xizmat qilishi taʼkidlandi.

    - Bu yerda juda koʻplab investitsiyaviy loyihalar ishga tushirilmoqda, — deydi Koreya- Oʻzbekiston Biznes assotsiatsiyasining vakolatxonasi rahbari E.Kim. — Birgina Fargʻona shahridagi Koreya xalqaro universiteti tashkil etilib, yaqinda yangi binoda ish boshlagani ham hamkorligimizning samarasidir. Bu vakolatxona turli sohalarda aloqalarimizni kengaytirishda muhim oʻrin tutadi. Mazkur vakolatxona koreyalik va fargʻonalik tadbirkorlar oʻrtasida bevosita aloqalar oʻrnatish, hamkorlikda loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.

    Maʼlumot uchun, Koreya Respublikasi Oʻzbekistonning uzoq muddatli, ishonchli strategik hamkorlaridan biridir. Soʻnggi paytlarda koreyalik sarmoyadorlar bilan birgalikda koʻplab loyihalar amalga oshirilyapti. Xususan, Fargʻona viloyatida bugungi kunda mazkur davlat bilan sanoat, taʼlim, qishloq xoʻjaligi kabi sohalarda samarali aloqalar yoʻlga qoʻyilgan. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, Janubiy Koreyaning yirik kompaniya va tadbirkorlarining viloyat investitsion salohiyatiga qiziqishi yuqori, deb xabar beradi “Dunyo” AA.