Farg'onada Koreya kinofestivalining ochilish marosimi bo'lib o'tdi

    Bugun Farg'ona shahridagi viloyat teatr va kontsert saroyida O'zbekiston va Koreya Respublikalari o'rtasida diplomatik munosabatlar o'rnatilganligining 30 yilligini nishonlash doirasida mamlakatimizda o'tkazilayotgan Koreya kinofestivalining ochilish marosimi bo'lib o'tdi.

    Unda Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Kim Xi Sang o'zbek tilida nutq so'zlab, ona tilimizga bo'lgan yuksak hurmat-ehtiromini namoyon etdi.

    O'zbekiston xalq artisti Yorqinoy Hotamova boshchiligidagi farg'onalik bir guruh taniqli san'atkorlar, kino ixlosmandlari va yoshlar ishtirokidagi tadbirda so'z olganlar ikki mamlakat o'rtasida madaniy aloqalar rivojlanib borayotganligini yana bir bor ta'kidladilar.

    Shundan so'ng koreyalik rejissyor Chxve Von Sop tomonidan suratga olingan komediya va jangovar janrdagi “Hitman” fil`mi tomoshabinlar e'tiboriga havola etildi. Unda fil`m qahramoni Jun (Kvon San U) ning bolalikdagi orzulari, oilaviy munosabatlari, qiyinchiliklarni engib o'tish jarayonlari va Koreya madaniyatining o'ziga xos jihatlari tasvirlangan.

    Koreya kinofestivali Toshkent va Xiva shaharlarida 14 oktyabrga qadar davom etadi.