Fargʻonada kuniga oʻrtacha 150 tonna xurmo eksport qilinmoqda

    Umumiy qiymati 8,5 mln dollarga teng boʻlgan 1768 partiyadagi 13126 tonna xurmo mahsulotlari Rossiya, Ukraina, Belarus, Tojikiston, Qirgʻiz va Qozogʻiston kabi davlatlarga eksport qilindi.

    Fargʻonadan yil boʻyi meva va sabzavotlar eksporti toʻxtamaydi. Ayni kunlarda viloyatda uzum, behi, olma va xurmo eksporti jadal davom etmoqda.

    Bu yil viloyatda xurmo hosili moʻl boʻlgan. Uning eksporti ham jadal davom etmoqda. Eksport mavsumi boshlanganiga hali koʻp boʻlmagan boʻlsa ham eksport hajmi katta.

    Shu yilda Fargʻona viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan umumiy qiymati 8,5 mln dollarga teng boʻlgan 1768 partiyadagi 13126 tonna xurmo mahsulotlari Rossiya, Ukraina, Belarus, Tojikiston, Qirgʻiz va Qozogʻiston kabi davlatlariga eksportga rasmiylashtirilgan.

    Boshqarmaning “Vodiy” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postining Oltiariq tumanidagi “Eksportga koʻmaklashish markazi”da kuniga oʻrtacha 700 tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportga rasmiylashtirilayotgan boʻlsa, shundan oʻrtacha 150 tonna qismini xurmo mahsulotlari tashkil etmoqda.

    Tadbirkorlarga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Bojxona qoʻmitasi tomonidan amaliyotga joriy etilgan “eksport uch qadam” dasturi orqali “daladan eksportga” tamoyili asosida eksport tovarlarini toʻgʻridan toʻgʻri chegara bojxona postlarida rasmiylashtirilayotgani tadbirkorlar uchun juda qulay boʻlmoqda.

    Hozirga qadar rasmiylashtirilgan xurmo mahsulotlarining 20 foizdan ortiq qismi yoki 2700 tonnadan ziyod xurmo mahsulotlari chegara bojxona postida soddalashtirilgan tartibda bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazilishi taʼminlangan.

    Bu esa tadbirkorlarning vaqtini tejashga, mahsulotlarning tezkorlik bilan hamda sifati buzilmagan holda oʻz manzillariga yetib borish imkonini bermoqda.

    Maʼlumot oʻrnida: 2023-yilda Fargʻona viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan umumiy qiymati 4 mln 500 ming dollarga teng boʻlgan jami 587 partiyadagi 6458 tonna xurmolar Polsha, Rossiya, Ukraina, Belarus, Qirgʻiz va Qozogʻiston kabi davlatlarga eksportga rasmiylashtirilgan. Xurmo eksporti bilan 2023-yilda jami 67 nafar tadbirkorlar shugʻullangan.