Fargʻonada mast erkak IIB xodimini pichoqladi

    Fargʻona viloyatining Dangʻara tumanida oʻz xizmat vazifasini bajarayotgan IIB xodimi mast erkak tomonidan pichoqlanishi oqibatida vafot etdi.

    Bu haqda Fargʻona viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.

    Qayd etilishicha, shu yilning 26-avgust kuni soat 20:45larda Dangʻara tumani IIB profilaktika katta inspektori N.M. oʻz vakolati doirasida muqaddam JKning 276-moddasi 1-qismi bilan sudlanib, soat 18:00dan soat 06:00ga qadar yashash joyini tark etmaslik taqiqi bilan ozodlikni cheklash jazosini oʻtayotgan tumanning Shodlik mahallasida yashovchi fuqaro X.E.ni yashash xonadoniga borib, tekshirgan.

    Biroq, fuqaro X.E. xonadonida yoʻqligini, jazoni oʻtash tartibini buzganligini aniqlagan.

    Shu vaqtda fuqaro X.E. mast holda yashash xonadoniga tashqaridan kelib, baqir-chaqir qilib, janjal koʻtargan va xonadonda boʻlgan oshxona pichogʻini olib chiqib, kutilmaganda N.M.ning koʻkrak qafasiga sanchib, unga ogʻir tan jarohati yetkazgan hamda voqea joyidan qochib yashiringan.

    Afsuski, profilaktika inspektori N.M. koʻrsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan shifoxonada vafot etgan.

    Hozirda fuqaro X.E. qoʻlga olinib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

    Marhumning oila aʼzolariga chuqur hamdardlik bildiramiz.

    Oʻz xizmat vazifasini bajarish chogʻida mardlarcha halok boʻlgan ushbu xodimni safdoshlari hech qachon yoddan chiqarmaydi, — deyiladi xabarda.