Fargʻonada meva-sabzavot yetkazib berish tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha xalqaro tajriba joriy etilyapti

    Agrosektor 10 Oktabr 2022 1373

    Joriy yil 10-oktyabrda Fargʻona shahrida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan viloyat hokimligi bilan hamkorlikda “Meva-sabzavot mahsulotlarini daladan isteʼmolchiga yetkazib berish zanjirini rivojlantirishda xalqaro tajriba” mavzusida oʻquv seminari tashkil etildi.

    BMT Taraqqiyot dasturi doirasida tashkil etilgan seminarda shahar va tumanlar hokimliklari, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilari va eksportyorlari ishtirok etdi.

    Vazirlik hududiy boshqarmasi rahbariyati tashqi bozorlar, xorijlik isteʼmolchilarning talab va ehtiyojlarini tizimli tahlil etish va baholash muhimligiga toʻxtalib, shu munosabat bilan tahliliy koʻnikmalar va oʻqitish uslublarini oʻzlashtirish, jahon tajribasini hisobga olgan holda mahsulot yetishtirish va yetkazib berishning barcha bosqichlarini tashkil etish jarayonini muvofiqlashtirish boʻyicha seminarning dolzarbligini taʼkidladi.

    Xalqaro trenerlar ishtirokidagi oʻquv-seminar kun tartibiga, shuningdek, marketing strategiyalarini ishlab chiqish boʻyicha malaka oshirish, jozibador bozor tendensiyalari, xatolar tahlili, bozorga kirish va mahsulotni ilgari surish strategiyasi, bozorni baholash, raqobat, xavf va istiqbollar kabi yoʻnalishlarda maʼruzalar va muhokamalar oʻtkazildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.