Bugun Fargʻona shahrida Milliy gvardiyaning viloyat boshqarmasi harbiy xizmatchilari uchun yangi qurib bitkazilgan xizmat uylarini oʻz egalariga topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, Milliy gvardiya viloyat boʻyicha boshqarma boshligʻi Shavkat Akbarov, viloyat prokurori Baxtiyor Ismoilov, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Muhiddin Joʻrayev ishtirok etdilar.

Xizmatchilarni yangi uylar bilan qutlash uchun soʻz olgan viloyat hokimi, Davlatimiz rahbari boshchiligidagi islohotlar doirasida boshqa sohalarda boʻlgani kabi huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini takomillashtirish va ular uchun qulay sharoitlar yaratish borasida ham katta ishlar amalga oshirilayotganligini qayd etib, aholi tinchligi va osoyishtalikni taʼminlash yoʻlida xizmat qilayotgan Milliy gvardiya harbiy tuzilmalariga ham alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi.

Viloyat harbiy-maʼmuriy sektori ish rejasi doirasida mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan 4 milliard 200 million soʻm mablagʻ sarflangan 2 va 3 xonali 20 ta xonadon kalitlari harbiy xizmatchilarga tantanali topshirildi.

Ramziy tasma qirqilib, tadbir ishtirokchilari yangi xonadonlardagi shart-sharoitlar bilan tanishdilar.