Millionlar oʻyini boʻlgan futbolga yurtimizda juda katta eʼtibor qaratilmoqda. Natijada turli yosh toifasida Oʻzbekiston oʻsmirlar, yoshlar va milliy terma jamoalari qator nufuzli musobaqalarda ishtirok etib kelmoqda.
Istiqbolli va iqtidorli futbolchilarni tanlash va tayyorlashning samarali tizimini yaratish, mahallalardan boshlab futbol infratuzilmasini rivojlantirish hamda futbol maktablari va futbol akademiyalariga iqtidorli futbolchilarni saralab olishni yanada takomillashtirish maqsadida qabul qilingan muhtaram Prezidentimiz qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekistonning mashhur futbolchisi Odil Ahmedov tashabbusi bilan “Odil Ahmedov futbol akademiyasi”ning “Odil Junior” Fargʻona filiali tantanali tadbir bilan foydalanishga topshirildi.
Ochilish marosimida futbol muxlislari tilida “Oʻzbek Maradonasi” nomini olgan Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse prezidenti, “Odil Ahmedov akademiyasi” va “Odil junior” maktablari tarmogʻi asoschisi – Odil Ahmedov tabrik uchun soʻz olib, Fargʻona eli tarixdan dunyoga kuchli sportchilarni, chempion yoshlarni yetishtirib kelgani, fargʻonaliklar oʻzbek futbolini hamisha chin dildan qoʻllab-quvvatlashlarini eʼtirof etdi. Shu bois, aynan Fargʻonada ham mazkur maktabni ochishni niyat qilgani, hamkorlikda mohir futbolchilarni yetishtirishga bor kuchi bilan harakat qilishini bildirdi.
Shuningdek Odil Ahmedov Fargʻona davlat universiteti sport maydoniga tashrif buyurdi.
— Prezidentimizning sportga, ayniqsa, futbolni rivojlantirishga qaratgan yuksak eʼtibori natijasida FarDUda bugun barcha shart-sharoitlar mavjud. Universitetda kuchli futbol jamoasining shakllangani va joriy yilda futbol yoʻnalishining ochilgani ham mazkur islohotlarning mevasidir, — dedi Fargʻona davlat universiteti rektor Bahodirjon Shermuhammadov.
Bayramona oʻtgan tadbirda Odil Ahmedovga esdalik sifatida “24” raqamli futbolka sovgʻa qilindi.
Shundan soʻng maydonga “Odil junior” maktabining 4 yoshdan 12 yoshgacha boʻlgan 50 nafar ilk tarbiyalanuvchilari va ularning ota-onalari taklif etilib, ularga esdalik sovgʻalari taqdim etildi.
Hamkorlik materiali