Fargʻonada “Onalarga ehtirom” III anʼanaviy festivali boʻlib oʻtdi

    Margʻilon shahridagi Erkin Vohidov nomidagi ijodkorlar bogʻida “Onalarga ehtirom” III anʼanaviy festivalning viloyat bosqichi boʻlib oʻtdi.

    Unda viloyat shahar va tumanlardan kelgan 1,5 ming nafardan ziyod moʻtabar onaxonlar, aziz ayollar jam boʻldi.

    Shodiyona tadbirini Fargʻona viloyat hokimi Xayrulla Bozorov ochdi.

    Keyingi yillarda Prezidentimiz rahnamoligida inson manfaati yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida inson qadr-qimmati, ayniqsa, moʻtabar onalarimiz, mehribon ayollarimizni eʼzozlash, izza –hurmat koʻrsatish, farovon hayot tarzi uchun muhim boʻlgan shart-sharoitlar yaratish, salomatliklarini muhofaza qilish bilan bogʻliq amaliy ishlar koʻlami kunga kunga kengayib, yangi tashabbuslar qoʻllab-quvvatlanyapti.

    Oʻtgan yilning oʻzida 48 mingdan ziyod xotin-qizlar bandligi taʼminlandi, 22 ming nafardan ortiq ayollarga 405 mlrd. soʻmdan ziyod imtiyozli kredit mablagʻlari ajratildi, 23 ming nafar opa-singillarimiz mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitilgani xonadonlarga quvonch va shodlik olib kirdi, ayollar faolligini oshirdi, ruhiyatini koʻtardi. Ezgu-maqsad yoʻlida boshlangan ishlar joriy yilda ham yanada taraqqiy etib, rivojlanmoqda.

    Koʻtarinkilik, hamjihatlik asosida oʻtgan festival doirasida “Eng yaxshi mutaxassislarni tarbiyalagan ona”, “Eng ibratli mehnatkash ona”, “Eng yaxshi tadbirkorlar onasi”, “Vatan fidoiysi onasi”, “Eng matonatli ona” kabi 12 ta nominatsiyada gʻolib deb eʼtirof etilgan onaxonlarga viloyat hokimining faxriy yorliqlari, qimmatbaho esdalik sovgʻalari topshirildi.

    Taniqli sanʼatkorlar ijrosida yangragan kuy-qoʻshiqlar sehri bayram kechasiga koʻtarinkilik, ulugʻvorlik bagʻishladi. Bayram kechasi qiziqarli va yorqin mushakbozliklar bilan yakunlandi.

    Rasuljon Kamolov,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.