Fargʻonada Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikiston maxsus xizmatlari rahbarlari uchrashdi

    Muzokaralar chogʻida tomonlar mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashga oid barcha muammolar toʻplamini atroflicha muhokama qildi.

    2024-yilning 6-may kuni Fargʻona shahrida Oʻzbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov, Qirgʻiziston vazirlar mahkamasi raisining oʻrinbosari – Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi raisi Qamchibek Tashiyev, Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi raisi Soymoʻmin Yatimov oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Muzokaralar chogʻida tomonlar mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashga oid barcha muammolar toʻplamini atroflicha muhokama qildi. Terrorizm, ekstremizm, narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasi, noqonuniy migratsiya, kontrabanda va transchegaraviy xarakterdagi boshqa tahdidlarga qarshi kurashish kabi dolzarb sohalardagi hamkorlikning holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar davlatlar oʻrtasida chegaradosh hamkorlik va umuman olganda, yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalalariga toʻxtalib oʻtdi.

    Muloqot chogʻida Qirgʻiziston va Tojikiston oʻrtasidagi davlat chegaralarini delimitatsiya qilish bilan bogʻliq kun tartibidagi masalalar, shuningdek, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi chegarani demarkatsiya qilish masalalari konstruktiv tarzda koʻrib chiqildi.

    Uchrashuv ishtirokchilari qirgʻiz-tojik chegaralarini delimitatsiya qilish va oʻzbek-qirgʻiz davlat chegaralarini demarkatsiya qilish jarayonlarini jadallashtirish boʻyicha kelishuvlarga erishdi va tomonlarning oʻzaro manfaatlarini hisobga olgan holda ushbu masalalarni hal etish boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni belgilab oldi.

    Muzokaralar yakunida Qirgʻiziston-Tojikiston hukumatlararo komissiyasi aʼzolariga chegaraning qolgan uchastkalarini muvofiqlashtirish, shuningdek, tegishli ikki tomonlama shartnomani tayyorlash va imzolash boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.