Fargʻonada oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda muammolar boʻlmaydi(mi?)

    Ijtimoiy hayot 20 Oktabr 2020 2048

    Xalq deputatlari Fargʻona viloyati kengashining oʻn toʻqqizinchi sessiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 16-oktyabr kuni oʻtkazilgan oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishida belgilab berilgan muhim vazifalar muhokama etildi.

    Sessiyada Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozarov va sektor rahbarlari oʻz hududida yaratilgan tizim, bozordagi shart-sharoitlar va narx-navo boʻyicha hisobot berdi.

    Mamlakatimizda pandemiya sharotida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash muhim vazifa sifatida belgilangan. Xususan, Fargʻona viloyatida aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, bozorlarda narx-navoning barqarorligini saqlash, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

    Xususan, viloyatda 2018-2020-yillarda tijorat banklari tomonidan chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, qishloq hoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash maqsadida qariyb 2 trillion soʻm imtiyozli kredit mablagʻlari ajratildi. Buning natijasida, birgina chorvachilik sohasida viloyatimizga xorijdan 6,7 ming bosh yirik shoxli va 12,2 ming bosh mayda shoxli chorva mollari olib kelinib, aholining mol, qoʻy goʻshti va sut mahsulotlariga boʻlgan talabi toʻliq qondirilishiga erishildi.

    Mamlakatimizda yaratilgan qulay shart-sharoitlar samarasida joriy yil 9 oy yakuni bilan viloyat boʻyicha 123,1 ming tonna goʻsht, 739,7 ming tonna sut, 239,9 ming tonna kartoshka, 790,4 ming tonna sabzavot, 47,8 ming tonna poliz, 290,0 ming tonna meva, 407 mln.dona tuxum mahsulotlari ishlab chiqarilib, aholi dasturxoniga yetkazib berildi. Ushbu mahsulotlarni yetishtirish hajmlari boʻyicha avvalgi yillarga nisbatan barqaror oʻsish surʼatlari taʼminlandi.

    Biroq, hududlarda “daladan-isteʼmolchigacha” tamoyili asosida yetarli ishlar tashkil etilmaganligi, davriy ravishda yangilanib turadigan oziq-ovqat zaxirasini yaratishga eʼtibor qaratilmaganligi bozorlardagi narx-navolarni oshib ketishiga olib kelgan. Masalan, joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida sut mahsulotlari 16,0 foizga, kartoshka 13,7 foizga, goʻsht mahsulotlari 11,4 foizga, yogʻ-moy mahsulotlari 10,2 foizga, shakar, choy va ziravorlar narxi 5,4 foizga oʻsganligi kuzatildi.

    Viloyat aholisi uchun joriy yilning noyabr oyidan 2021-yilning may oyiga qadar boʻlgan davrda 81,6 ming tonna kartoshka, 37,7 ming tonna piyoz, 29,0 ming tonna sabzi, 18,5 ming tonna guruch, 132,8 ming tonna un mahsulotlari, 35,7 ming tonna mol va qoʻy goʻshti, 35,3 ming tonna parranda goʻshti, 20,8 ming tonna shakar, 17,2 ming tonna oʻsimlik yogʻi, 18,3 ming tonna baliq, 393,3 million dona tuxum talab etiladi.

    Viloyat aholisini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli taʼminlash, ichki isteʼmol bozoriga mahsulot yetkazib berilishini tizimli tashkil etish orqali narx-navo barqarorligini saqlash muhim vazifalardan biridir. Bu borada mahalliy hokimliklar, sektor rahbarlarida katta masʼuliyat talab qilinadi. Sessiyada ana shu masalalar chuqur tahlil etilib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.

    Shahar va tumanlar kesimida aholi ehtiyoji uchun 2020-yil noyabr oyidan 2021-yil may oyigacha boʻlgan davrda talab etiladigan asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining zaxirasi yaratiladi. Aholini mol goʻshti, parranda goʻshti, tuxum va baliq mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash maqsadida “Ekobozor”lar tashkil etilmoqda. Tadbirkorlarga tijorat banklari tomonidan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari uchun kreditlar ajratish, bozorlardagi narx-navoni kunlik nazorat qilish kabi koʻplab ishlar tizimli yoʻlga qoʻyiladi.

    Sessiyada koʻrilgan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

    Fargʻona viloyati hokimligi Axborot xizmati