Fargʻonada quvvati 1 200 MVga teng quyosh elektr stansiyasi barpo etiladi

    Energetika 3 Iyun 2021 1651

    Xitoy kompaniyasi Fargʻona viloyatida yirik quyosh elektr stansiyasini barpo etishni rejalashtirqan.

    Mazkur masala viloyat hokimi Xayrullo Bozorovning Xitoyning Liaoning Lide kompaniyasi delegatsiyasini uchun uyushtirgan qabulida muhokama etildi.

    Kompaniya boshqaruv kengashi raisi oʻrinbosari Chjan Szinmin, Loyihalar departamenti rahbari Syao Chunxun hamda Oʻzbekiston filiali direktori Chjou Junkan bilan boʻlgan muloqotda Xitoy kompaniyasi tomonidan viloyat hududida loyiha taxminiy qiymati 700 million dollarga teng, quvvati 1200 MVtgacha boʻlgan yirik quyosh elektr stansiyasini barpo etish loyiha ustida soʻz bordi. Shuningdek, muloqotda dunyoda anʼanaviy energiya resurslari cheklangan bugungi sharoitda va kelajakda ushbu loyihaning Fargʻona viloyati uchun muhim oʻrin tutishi qayd etildi.

    Bir necha oydan beri davom etayotgan muzokaralar yakuniy bosqichga oʻtgani, viloyat hokimligi tomonidan loyihani amalga oshirish uchun taqdim etilgan yer maydonlari hududida soʻnggi texnik tadqiqotlar oʻtkazilayotgani maʼlum qilindi. Yaqin kunlarda ushbu ishlar yakunlanib, loyihaning aniq quvvati hamda qiymati belgilanadi. Ortidan Oʻzbekiston Energetika vazirligi, viloyat hokimligi hamda Liaoning Lide kompaniyasi oʻrtasida memorandum imzolanishi reja qilingan.

    Hozirda Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar”, Fransiyaning “Total Eren” kompaniyalari tomonidan Navoiy va Samarqandda har birining quvvati 100 megavatt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyalari qurishga kirishilganini aytib oʻtgan viloyat hokimi, Fargʻonada amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihada ham kilovatt-soat elektr energiyasi narxi “Masdar” va “Total Eren” tomonidan taklif etilgan tariflar atrofida boʻlishi kerakligiga eʼtibor qaratdi.

    Xitoylik mehmonlar, Fargʻona vodiysidagi qayta tiklanadigan energetikaning birinchi loyihasi uchun bank kreditlari emas, toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalar jalb etish rejalashtirilganini maʼlum qilib, ishlab chiqarilgan elektr energiyasini 25 yil muddatda sotib olishi uchun “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari”ga eng maqbul tariflarni taqdim etishga tayyor ekanliklarini bildirdi, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.