Maʼlum boʻlishicha, joriy yil 9-mart kuni “Fargʻona suv taʼminoti” AJning Oʻzbekiston tumani filiali inspektori D.S. Sochtepa koʻchasida joylashgan xonadonlardan biriga borib, suv taʼminoti holatini oʻrgangan. Tekshiruv davomida ushbu xonadonda roʻyxatdan oʻtkazilmagan hisoblagich mavjudligi aniqlangan.

Holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, jarima qoʻllanilishi haqida maʼlum qilingan vaqtda xonadon egasi Fazliddin Pardayev inspektorga qarshilik koʻrsatib, janjallashgan. Janjal davomida u oʻsha yerda boʻlgan yogʻoch boʻlagi bilan inspektor D.S.ning bosh qismiga urib, tan jarohati yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik koʻrsatish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Gumonlanuvchi Fazliddin Pardayev protsessual tartibda ushlangan. Hozirda prokuratura tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.