Fargʻona politexnika institutida yangi Talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov institutda davlat xususiy sherikchiligi hamda oliygohning byudjetdan tashqari mablagʻlari asosida barpo etilgan talabalar turar joylarini foydalanishga topshirish marosimida ishtirok etdi.
Mazkur loyiha institut hamda “The New Grand House” MCHJ oʻrtasida davlat-xususiy sherikchilik asosida bitimga koʻra barpo etilayotgan boʻlib , 400 oʻrindan iborat. Umumiy qiymati 25,0 mlrd. soʻm boʻlib, shundan byudjet mablagʻlari 12,0 mlrd. soʻmni tashkil etsa, qolgan qismi tadbirkor hisobidan barpo etildi.
Ushbu talabalar turar joyining yertoʻla qismida 200 oʻrinli oshxona va oʻquv markazi, binoning kirish qismida “book cafe”, wife zona hamda har bir xona uchun qulay sharoitlar mavjudligi mazkur yotoqxonaning boshqalardan ajralib turilishini taʼminlaydi.
Ochilish marosimida soʻz olgan vazir Q.Sharipov, yurtimizda soʻnggi yillarda oliy taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, respublikamizdagi oliygohlarda talabalarning sifatli taʼlim olishlari uchun yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar, xususan, talabalarni yotoq joylar bilan taʼminlash borasida yoʻlga qoʻyilgan yangicha tizim samarali natija qayd etayotgani haqida aytib oʻtdi.
Shundan soʻng, oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri talabalar turar joyidagi talaba-yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.