Farg‘onada tibbiyot xodimini kaltaklagan shaxslarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

    Joriy yilning 12-noyabr kuni soat 04:00 larda Rishton tumani Oqtomir MFYda yashovchi fuqaro T.T. tuman tez tibbiy yordam bo‘limiga qo‘ng‘iroq qilib, otasi 1942 yilda tug‘ilgan T.G‘. ning sog‘ligi yomonlashganligini maʼlum qilgan.

    Tez yordam xodimlari T.T. ning yashash xonadoniga borib, bemorga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatib, uning qon bosimi ko‘tarilganligi sababli tuman markaziy shifoxonasiga olib ketayotgan vaqtlarida bemor T.G‘. vafot etgan.

    Otasining vafot etganligidan g‘azablangan T.T. va uning o‘g‘li G‘.X.lar tez yordam xodimi B.Z. ni urib, unga tan jarohati yetkazishgan.

    Mazkur holat yuzasidan Rishton tuman IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.