Fargʻonada Tracker va Onix avtomobillari uchun butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi liniya ishga tushirildi

    Sanoat 31 Oktabr 2022 2092

    Fargʻona viloyatidagi Uzsungwoo qoʻshma korxonasida Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan 10 million dollarlik loyiha qiymatiga ega metallarga qizdirilgan holda ishlov berish liniyasi foydalanishga topshirildi.

    Obyekt toʻliq avtomatlashtirilgan boʻlib, eng yangi texnologiyalar asosida ishlaydi va Schuler, Prima Power, Benteler, Aotto kabi kabi dunyoning eng old mashinasozlik kompaniyalarida ishlab chiqarilgan poʻlat oʻramdan kerakli oʻlcham olish, qizdirib presslash, lazerda kesish uskunalari bilan jihozlangan.

    Yangi liniyaning ishga tushirilishi natijasida 120 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi va korxonaning yillik ishlab chiqarish hajmi 95 million dollarga oshdi. Metallarga qizdirilgan holda ishlov berish liniyaning oʻzida yiliga 19 million dollardan ortiq 2,4 million dona mahsulot ishlab chiqariladi.

    Yangi texnologik jarayon, shuningdek, mamlakatimizda ishlab chiqariladigan Tracker va Onix avtomobillari uchun 20 turdagi butlovchi qismlarni mahalliylashtirishga imkon beradi.

    Maʼlumot uchun: Uzsungwoo MCHJ qoʻshma korxonasining tashkil etilgan 2012-yildan buyon Fargʻona viloyatiga kiritgan investitsiyalari hajmi qariyb 60 million dollarga yetdi. Oʻzbekiston avtomobil sanoatida mustahkam oʻringa ega korxonada 10 yildan buyon yurtimizda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar uchun katta va oʻrta oʻlchamdagi 300 dan ortiq nomdagi shtamp-payvandlangan qismlar ishlab chiqariladi. Korxonada faoliyat yuritayotgan ishchilar soni 900 nafardan oshdi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.