Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati mazkur holat yuzasidan bayonot berdi.
Dastlabki oʻrganishlarga koʻra, 2005-yil Fargʻona viloyati Toshloq tumanida tugʻilgan D.U. 2024-yilning 31-mart kuni Quva tuman tibbiyot birlashmasi tugʻuruq boʻlimiga “Homiladorlik-1, tugʻuruq-1, 28 hafta, erta tugʻish xavfi” tashxisi bilan murojaat qilgan.
Bemor homiladorlik bilan Toshloq tumanida dispanser nazoratida turmagan va homilani yashirib yurgan. Tugʻuruq 2024-yil 1-aprel kuni soat 08:45 larda amalga oshirilgan.
Shu kuni soat 17:00 larda esa chaqaloqning ahvoli ogʻirlashib, unda biologik oʻlim holati kuzatilgan. Uning oʻlimiga muddatidan oldin (7 oylik) tugʻilganligi sabab boʻlgan.
Ayni paytda mazkur holat Cogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan nazoratga olinib, mavjud vaziyatga zudlik bilan aniqlik kiritish maqsadida tegishli Ishchi guruh Fargʻona viloyatiga yuborildi.
Shuningdek, hozirda huquq-tartibot idoralari tomonidan ushbu holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Yakuniy xulosalar boʻyicha jamoatchilikka qoʻshimcha maʼlumot beriladi.