Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, Xitoyning Shinjon-Uygʻur avtonom rayonidagi Qashqar shahrining hokimi Yasinjan Yaxep boshchiligidagi rasmiylar va tadbirkorlardan iborat delegatsiyani qabul qildi. Qashqar delegatsiyasi tarkibidan shahar xalq hukumati raisi oʻrinbosari Muxtor Ayiti, Savdo-sanoat palatasi raisi Memati Tursun Zunug, yirik tadbirkorlar va ishbilarmonlar oʻrin oldilar.
Fargʻona tumanidagi viloyat hokimligi “Qabullar uyi”da boʻlib oʻtgan uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ijtimoiy, madaniy, transport-logistika, turizm va koʻplab sohalarda keng koʻlamli hududlararo hamkorlik aloqalarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot chogʻida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning muntazam uchrashuvlari va siyosiy irodasi Oʻzbekiston-Xitoy har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtargani, mamlakatlarimiz oʻrtasida barcha sohalardagi aloqalar izchil rivojlanayotgani alohida qayd etildi.
Bugun ertalabdan viloyatimizda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar hamda mavjud imkoniyatlar bilan tanishgan qashqarlik tadbirkorlar, uchrashuv davomida qator investitson takliflarni oʻrtaga tashladilar. Viloyatimiz hududida aralash va boʻyalgan gazlama mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yirik korxona tashkil etish, Ekoshahar hududida 25 qavatli turar-joy binolari barpo etish, Fargʻonada elektromobillarga xizmat koʻrsatish markazlari va quvvatlantirish stansiyalari tarmogʻini tashkil etish kabi takliflar viloyat hokimi tomonidan maʼqullandi, ularni amalga oshirishga har tomonlama koʻmak berilishi maʼlum qilindi.
Fargʻona va Qashqar shaharlari oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri aviaqatnovlar hamda avtobus qatnovlari yoʻlga qoʻyish ikki hudud oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada faollashtirishga, sayyohlik va ishbilarmonlik almashinuvini jadallashtirilishiga xizmat qilishi qayd etildi. qatnovlarni yoʻlga qoʻyish masalasini ikki tomonlama ishlab chiqishga kelishib olindi.
Qashqar shahri hokimi, Fargʻona viloyati vakillarini joriy yil 21-25-iyun kunlari Qashqarda 13-bor boʻlib oʻtadigan, Markaziy va Janubiy Osiyo savdo koʻrgazmasida ishtirok etishga rasmiy taklif qildi. Bu taklif ijobiy qabul qilindi.
Yaqin kunlarda Fargʻona viloyati va Qashqar shahri oʻrtasida birodarlashgan hududlar kelishuvi imzolashga kelishib olindi.