Fargʻonada yana bir DXM filiali ish boshladi

    Mamlakatimizda 19 Iyun 2022 1711

    Fargʻona viloyati Oltiariq tuman Katput qishlogʻida davlat xizmatlari markazining “Katput” filiali ochildi.

    Koʻp millatli Katput qishlogʻi Oltiariq tuman markazidan 25 kilometr uzoqlikda joylashgan. Qoʻshni Qirgʻiziston sarhadlari bilan tutashib ketgan bu MFY da davlat xizmatlari markazi “Katput” filialining ish boshlashi minglab oilalar uchun chinakamiga quvonchli xabar boʻldi, deyish mumkin.

    Gap shundaki, qishning ayozli, yozning jazirama kunlarida uzoq masofadan keladigan fuqarolar uchun ayni muddao boʻldi. Chunki bu yangi ochilgan filial endilikda “Katput”ning “Yangi asr”, “Tolkoʻcha”, “Boʻrboliq” hududining “Zilol”, “Shalola”, “Gulobod” mahalla fuqarolari yigʻinining 15 minga yaqin aholisi uchun xizmat qiladi. Eʼtiborli jihati shundaki, DXM filialida ham fuqarolar va tadbirkorlar uchun markazdagi kabi 170 dan ortiq xizmatlardan toʻliq foydalanish mumkin.

    Davlat xizmatlari markazlari filiallari ayni kunlarda jismoniy va yuridik shaxslarga mobil davlat xizmatlarini koʻrsatishi bilan ahamiyatli. Hudud aholisiga koʻrsatilayotgan xizmatlar boʻyicha huquqiy maslahatlar, yoʻl-yoʻriqlar beriladi.

    Shuni taʼkidlash kerakki, filiallarning mahalliy aholi taklifi asosidagi belgilangan kun va vaqtda ishlayotgani xalqqa manzur boʻlayotir.

    Maʼlumot uchun: Bugungi kunga kelib Fargʻonada DXM filiallari soni 11 taga yetdi. Ayni damda Beshariq tumanida “Rapqon”, Soʻx tumanida “Tul”, Uchkoʻprik tumanida “Oq suv”, Buvayda tumanida “Buvayda”, Fargʻona tumanida “Shoximardon”, “Chimyon”, Quva tumanida “Akbarabod”, Furqat tumanida “Chekchuvaldoq”, Quvasoy shahrida “Qoʻchqorchi”, Fargʻona shahrida “Qirguli” filiallari faoliyat olib boryapti. Birgina filiallar tomonidan 2022-yilning shu davriga qadar fuqarolarga 31 mingdan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatildi.

    Elyor Eksanov.