Fargʻonada yana ikkita davlat xizmatlari markazlari xalq ixtiyoriga topshiriladi

    Mamlakatimizda 23 Dekabr 2021 1684

    Shu kunga qadar Fargʻona viloyatining 17 ta tuman va shaharlarida davlat xizmatlari markazlarining zamonaviy binolari aholi ixtiyoriga topshirildi.

    Qoʻshni Tojikiston sarhadlariga tutashib ketgan Beshariq tumanida ayni kunlarda 200 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Hududning qoq markazida Davlat xizmatlari markazining yangidan qurilayotgani yaqin kunlarda ana shu koʻpsonli aholiga bemisl qulayliklar va imkoniyatlar eshigini ochadi.

    Furqat tumanida ham Davlat xizmatlari markazining butunlay yangidan qurilayotgan binosi markaziy “Yuksalish” koʻchasida joylashdi. Avvallari furqatliklar yaratilgan sharoitlarning noqulayligi sabab davlat xizmatlariga boʻlgan ehtiyojlarini qondirishda qiyinchiliklarga uchrayotgandi. Ayniqsa, maxsus qurilmagan binoda zamon talablari hamda odamlarni rozi qilish darajasida xizmat koʻrsatishning oʻzi moʻjiza edi.

    Furqat hamda Beshariq tumanlarida qurilayotgan ushbu davlat xizmatlari markazi binosi anʼanaviy arxitektura va xalqaro meʼmoriy dizayn bilan uygʻunlashgan holda bunyod etilmoqda. Fuqaroning navbatga turish vaqtini mazmunli tashkillash maqsadida kutish zaliga alohida eʼtibor bilan yondashilgan. Elektron navbat, infokiosk, kutish zali, bolalar maydonchasi tashkil etiladi. Tashrif buyuruvchi har bir mijoz infolend orqali koʻrsatiladigan barcha xizmatlar haqida toʻliq axborot oladi. Har ikkala markazlarda yaqin kunlarda bir vaqtning oʻzida 20 nafar, bir kunda 500 nafar fuqaroga xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratiladi.

    DXA Fargʻona viloyat boshqarmasi matbuot xizmati.