Joriy yilning 23-fevral kunidan 24-fevral kuniga oʻtar kechasi Fargʻona viloyati Bagʻdod tumani “Qahat” MFY hududidan oʻtgan D-105 “Fargʻona halqasi” avtomobil yoʻlining 286-kilometrida favqulodda hodisa yuz bergan.
Fargʻona viloyati Avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi matbuot xizmatiga koʻra, yoʻlning oʻng tomonidan oqib oʻtuvchi Fargʻona kanalida suv sathi koʻpayib avtomobil yoʻlining tag qismidan sizib oʻtishi oqibatida asfalt yoʻl qoplamasida choʻkish yuzaga kelgan.
Mazkur hududda taʼmirlash ishlari olib borilayotgani sababli vaqtincha transport vositalari harakati cheklangan. Cheklov vaqtida ushbu hududni aylanib oʻtishlik uchun 40V 047 “Bagʻdod-Dasht- Ultarma” (Qoʻqon-Fargʻona) va 40V 046 “Yangi qoʻrgʻon-Ultarma-Qaqir” (Fargʻona-Qoʻqon) avtomobil yoʻllari orqali harakat tashkil etilgan.
Mazkur avtomobil yoʻli 2024-yil avgust oyida joriy taʼmirlangan.
Transport vositasi harakat jadalligi sutkasiga 30 000-35 000 tashkil etadi, harakat vaqtincha toʻxtatilib, tashkil etilgan avtomobil yoʻllarining 25 km.ga uzaygan.
Fargʻona viloyati Avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi bergan maʼlumotiga koʻra, 24-fevral kuni soat 18:00 ga qadar avtomobil yoʻlida taʼmirlash ishlari yakunlanib transport vositalarining harakati yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan.